1

Rossiyada mehnat qilayotgan o`zbekistonliklar ish beruvchi ustidan shikoyat qildi

Jamiyat 22.05.2021, 21:56
Rossiyada mehnat qilayotgan o`zbekistonliklar ish beruvchi ustidan shikoyat qildi

Rossiya Federasiyasida mehnat qilayotgan yurtdoshlarimizning ish beruvchi ustidan shikoyati yuzasidan Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi ma`lumot berdi.

Keltirilishicha, Rossiya Federasiyasi Moskva shahrida joylashgan “Monolit kapital stroy” qurilish kompaniyasida mehnat qilayotgan o`zbekistonlik bir guruh yurtdoshlarimiz ish beruvchi tashkilotdan norozi bo`lib Tashqi mehnat migrasiyasi agentligining Moskva shahridagi vakolatxonasiga murojaat qilgan.

2021 yilning 26 aprel kuni Agentlik vakillaridan iborat ishchi guruh mamlakatimizning Rossiya Federasiyasidagi elchixonasi mas`ul xodimlari bilan birgalikda voqea joyiga borib, vaziyatni o`rgangan edi. 19 may kuni Agentlikning Moskva shahridagi vakolatxonasida fuqarolar bilan uchrashuv bo`lib o`tgan.

Ma`lum bo`lishicha, qurilish ob`ektlarida mustaqil ravishda, ish beruvchi bilan o`zaro kelishuv asosida ish boshlagan fuqarolarga ish haqlarining berilishi kechiktirilgan va bu holat ularning noroziligiga sabab bo`lgan.

Agentlik tomonidan yashash joyisiz qolgan fuqarolarimiz bepul yotoqxona va 3 mahal ovqat bilan ta`minlangan, ishsiz qolganlarga boshqa ish joylari taklif qilingan.

Hozirgi vaqtda 500 nafarga yaqin fuqarolarning shikoyatlari asosida ularning huquqlarini himoya qilish va ish haqlarini undirib berish maqsadida Moskva shahar prokuraturasi, Tergov qo`mitasi hamda Mehnat inspeksiyalariga rasman murojaat qilingan.

Shuningdek, ushbu yurtdoshlarimizning 25 foizdan ortig`i nolegal tarzda ish faoliyatini olib borganligi aniqlanib, Rossiyaning amaldagi qonunchiligi asosida ularni legallashtirish bo`yicha zaruriy tavsiyalar berildi.

Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi ushbu holat yuzasidan fuqarolarimizning huquqlarini himoya qilish va qonun doirasida ish haqlarini undirish bo`yicha barcha zarur choralar ko`rilishini ma`lum qiladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1