Qoraqalpog`iston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov boshqarmasi ish yurituvida bo`lgan fuqaro S.X.ga nisbatan O`zbekiston Respublikasi jinoyat kodeksining 276-moddasi 2-qismi “a” bandi (giyohvandlik vositasini saqlash) bilan qo`zg`atilgan jinoyat ishi bo`yicha, fuqaro S.X. Tergov boshqarmasi boshlig`i o`rinbosari podpolkovnik A.Utemuratovga bir necha marotaba, o`ziga nisbatan qo`zg`atilgan jinoyat ishini sudga yubormaslik evaziga 5.000 ( besh ming) AQSh dollari miqdoridagi pullarni pora tariqasida taklif qilgan. Bu haqda Qoraqalpog`iston Respublikasi IIV Axborot xizmati xabar berdi.
Podpolkovnik A.Utemuratov Qoraqalpog`iston Respublikasi IIV rahbariyatiga bildirgi bilan murojaat qilib, o`z bildirgisida, fuqaro S.X.ga pora berish jinoyat ekanligi, jinoiy javobgarlikka tortilishi haqida bir nechta marta tushuntirib, ogohlantirishiga qaramasdan, pora taklif qilib kelayotganligini bildirib, unga nisbatan qonuniy chora ko`rishni so`ragan.
Ushbu bildirgiga asosan, o`tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro S.X. taklif qilgan 5.000 AQSh dollar pullarni podpolkovnik A.Utemuratovga bergan vaqtida, tadbir ishtirokchilari tomonidan qo`lga olinib, ashyoviy dalillar tegishli tartibda hujjatlashtirilib olingan hamda O`zbekiston Respublikasi Bosh Prokuraturasi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Qoraqalpog`iston Respublikasi boshqarmasi tomonidan fuqaro S.X.ga nisbatan, O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 211-moddasi 1-qismi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, dastlabki tergov harakatlariga kirishilgan.
Joriy yilning 22 may kuni, Qoraqalpog`iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligida, Qoraqalpog`iston Respublikasi Ichki ishlar vaziri polkovnik A.Temirxanov tomonidan kasbiga sodiq bo`lib, taklif qilgan porani olmagan podpolkovnik A.Utemuratovga pul mukofoti uning yaqin qarindoshiga vazirlik rahbariyatining tashakkurnomasi va qimmat baho sovg`alar tantanali ravishda topshirildi.