“Ular bizdan jirkanadi? – Farg`onada etimlarga kun berilmayaptimi?” sarlavhasi ostida internet nashrida e`lon qilingan holat Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo`mitasi tomonidan nazoratga olindi. Bu haqda Senat Axborot xizmati xabar berdi.
Kuni kecha Qo`mita raisi B.Sayfullaev videolavhadagi voqeaga oydinlik kiritish maqsadida viloyat hokimining o`rinbosari, xalq deputatlari Farg`ona viloyati Kengashi kotibiyati mudiri va videolavha muallifi bilan ushbu internat uyida bo`lib, muruvvat uyidagi bemor bolalar uchun yaratilgan sharoitlar bilan bevosita tanishdi.

Internat 260 o`ringa mo`ljallangan bo`lib, unda 4-18 yoshdagi bolalar tarbiyalanadi. Ularga 253 nafar shifokor, hamshira, tarbiyachi va enagalar qaraydi.
Joriy yilning mart oyida viloyat hokimi X.Bozorovning tashabbusi bilan ushbu maskanni qayta rekanstruksiya qilish, dori-darmon va gigienik vositalar olish uchun 650 mln so`m mablag` ajratilgan.
Senat qo`mitasi raisi internat uyi faoliyati bilan tanishar ekan, Yurtboshimiz tomonidan muruvvat uylarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, tarbiyalanuvchilarga barcha shart-sharoitlarni yaratish borasidagi siyosatlari amalda bajarilayotganining guvohi bo`ldi.
Tarbiyalanuvchi yoshlar bilan kechgan suhbatda ular g`amxo`rlik va yuksak e`tibor uchun to`lqinlanib gapirishgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda e`lon qilingan materialga oydinlik kiritish maqsadida shifokorlar, mahalliy Kengash deputatlari, jamoatchilik vakillari va blogerlardan iborat Ishchi guruhi tuzildi.
Ayni vaqtda Ishchi guruhi tomonidan ijtimoiy tarmoqda murojaat qilgan fuqaroning murojaati qonuniy o`rganilmoqda.
O`rganish natijalari batafsil ma`lumotlar asosida e`lon qilinadi.






