AsosiyDunyo

Doping qabul qilgani aniqlangan Mariya Sharapova tennisdan chetlatiladimi?

Joriy yilning 7 mart sanasida rossiyalik bir qator sportchilar, jumladan Katta Shlem turnirining besh karra chempioni Mariya Sharapova va figurali uchish bo`yicha Sochi olimpiadasi chempioni Ekaterina Bobrovaning qonidan 2016 yilning 1 yanvaridan taqiqlangan preparat-meldoniy borligi aniqlandi.

Mariya Sharapova 6 mart kuni to`satdan matbuot anjumani uyushtirib, keng jamoatchilikni hayratga soldi. Ko`pchilik matbuot anjumanidan o`tkazishdan maqsad tennischi karerasida bo`lishi mumkin bo`lgan tanaffusni e`lon qilish deb o`yladi. Biroq, matbuot anjumaniga olti daqiqaga kechikib kelgan Mariya sport olamini hayratga soldi. 

“Avstraliya ochiq chempionatida o`tkazilgan doping-test ijobiy chiqdi. Bir necha kun avval men bu haqda Xalqaro tennis federasiyasidan xat oldim.

Mening qonimda meldoniy aniqlandi. Men mazkur preparatni 10 yil davomida qabul qilganman va u taqiqlanmagan edi. 2016 yilning 1 yanvaridan bu preparat taqiqlangan ekan, men buni bilmasdim. Bu mening xatoim va buning uchun javobgarlikni o`z zimmamga olaman. Men muxlislarim va oilamga pand berdim. Buning oqibati nima bilan yakunlanishini bilmayman. Tennisdagi faoliyatimni bunday tarzda yakunlashni istamayman. Umid qilamanki, yana tennis musobaqalarida ishtirok etish imkoniyatiga ega bo`laman”, — dedi Mariya Sharapova.

Uning aytishicha, o`tgan yilning dekabr oyi oxirida unga taqiqlangan preparatlar ro`yxatining yangilangan ko`rinishi taqdim etilgan. Mariya esa ro`yxat bilan tanishib chiqishni keyinga qoldirgan.

Meldoniy (yoki mildronat) — mashg`ulotlarda mushaklar toliqishini engillashtiradi. Uni qabul qilganlik belgilari organizmda bir necha kun saqlanib qoladi. 

Rossiyaning futbol bo`yicha terma jamoasi shifokori Eduard Bezuglov mazkur preparatning xususiyatlari haqida shunday deydi: 

“Bu preparat sportchiga og`ir jismoniy zo`riqishlarni bartaraf etishga va organizmni kislorod etishmovchiligiga chidamliligini o`stirishga yordam beradi. U tabletka shaklida qabul qilinadi yoki venaga yuboriladi. Meldoniy 2016 yilning 1 yanvaridan taqiqlangan preparatlar ro`yxatiga kiritilgani haqida hamma sportchilar ogohlantirilgan. Biroq, ayrimlar mazkur ogohlantiroish bilan tanishib chiqishga erinchoqlik qilgan”.

2014 yilgi juftlik bellashuvlarida olimpiada chempionlari Ekaterina Bobrova va Dmitriy Solovevlarning qonida ham mazkur preparat aniqlandi. 

Butunjahon antidoping agentligi odatda meldoniy qabul qilgan sportchilarni to`rt yilga diskvalifikasiya qiladi. Biroq, Rossiya OAVlarining xabar berishicha, Mariya bunday uzoq muddatga diskvalifikasiya qilinmaydi. Chunki u o`z aybini to`lig`icha tan oldi. 

Xuddi shunga o`xshash holat tennischi Andre Agassi bilan ham yuz bergan edi. 1990 yillar o`rtalarida tennischining qonidan olingan namunada ham taqiqlangan preparat aniqlangan edi. 

Tushuntirish xatida u ichimlik idishini almashtirib qo`ygani va buning oqibatida o`z fizioterapevtining ichimligini ichib yuborganini yozgan edi. Xalqaro tennis federasiyasi uning gaplariga ishongan va tennischi bir haftadan so`ng kortga tushgan edi. 

Manba: Lenta.ru

    Boshqa yangiliklar