Bu haqda Tanzila Narbaeva ishtirokidagi O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashi majlisida ma`lum qilindi.
Majlisda bir qator masalalar muhokama qilindi. Xususan, O`zbekiston Respublikasi Er kodeksiga muvofiq, Toshkent viloyatida er uchastkalariga bo`lgan huquqlar kafolatlari ta`minlanishi holatini o`rganish natijalari muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, Senatning Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari hamda Agrar, suv xo`jaligi masalalari va ekologiya qo`mitalari tomonidan ushbu masala o`rganilgan.
Toshkent viloyatida tadbirkorlik sub`ektlari va fuqarolarning er uchastkalariga bo`lgan huquqlarining kafolatlari ta`minlanishi, erdan maqsadli foydalanish yuzasidan amalga oshirilgan salmoqli ishlar bilan bir qatorda, ushbu yo`nalishda muayyan kamchiliklarga ham yo`l qo`yilgan.
Xususan, viloyatda er uchastkalariga bo`lgan huquqlar kafolatlarining ta`minlanishi o`rganilganda 9 ming 614 ta holatda 1618 ga. er maydoni o`zboshimchalik bilan egallab olinganligi aniqlangan.
Shuningdek, viloyat hokimi qarori bilan tadbirkorlik sub`ektlariga er ajratib berishda Qibray, Quyi Chirchiq, Ohangaron, Parkent, Yuqori Chirchiq va Bo`stonliq tumanlarida Er kodeksi talablari bajarilmagan, berilgan er maydonlaridan tadbirkorlarning qanday foydalanayotgani etarlicha nazoratga olinmagan.
Bundan tashqari, er uchastkalari davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo`yilishidan oldin etkazilgan zararni qoplash choralari ko`rilmagan va ayrim shaxslarga etkazilgan zararlar bugungi kungacha ham to`la qoplanmagan.
Senat Kengashi majlisida jiddiy xato-kamchiliklarga yo`l qo`ygan mansabdor shaxslar masalasini ko`rib chiqish va ularga tegishli choralar ko`rish to`g`risida viloyat hokimligi hamda vazirlik va idoralar rahbarlariga ko`rsatmalar berildi.