Samarqand viloyati Oqdaryo tumanidagi fermer xo`jaligi raisi tuman hokimligida bosh mutaxassis lavozimida ishlovchi qarindoshi bilan o`zaro kelishgan holda, o`zi rahbarlik qilayotgan fermer xo`jaligiga qarashli sug`oriladigan 1 gektar er maydonini hokimlik zaxirasiga qaytarib, so`ngra uni issiqxona tashkil qilmoqchi bo`lgan Samarqand shahrida yashovchi fuqaro nomiga rasmiylashtirib berish evaziga, undan 50 ming AQSh dollari va “Neksiya-3” avtomashinasi talab qilishadi.
DXX Samarqand viloyati boshqarmasi xodimlarining viloyat prokuraturasi hamda ichki ishlar boshqarmasi bilan hamkorlikda o`tkazgan tezkor tadbirida ushbu shaxslar so`ralgan pulni olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Pastdarg`om tumani Davlat soliq inspeksiyasi inspektori chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xo`jaligi rahbari bilan o`zaro kelishgan holda, ushbu fermer xo`jaligiga qarashli 15 gektar er maydonini boshqa bir fuqaroga intensiv bog` tashkil etishi uchun tuman hokimligida ishlovchi tanishlari orqali rasmiylashtirib berish evaziga, undan 13 ming AQSh dollari talab qilishadi.
DXX Samarqand viloyati boshqarmasi, viloyat prokuraturasi hamda ichki ishlar boshqarmasi xodimlari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbirda ular so`ralgan pulni olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Samarqand tumanida yashovchi 2 nafar fuqaro o`zlari ijara asosida foydalanib kelayotgan, hokimiyat balansida bo`lgan tog`li hududdagi 3 gektar yaylov er maydonini mahalliy fuqaroga 30 ming AQSh dollariga sotishni rejalashtirib, tuman hokimligidagi tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berishni va`da qilishadi.
DXX Samarqand viloyati boshqarmasi hamda viloyat ichki ishlar boshqarmasi xodimlari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbirda ushbu shaxslar so`ralgan puldan 12,5 ming AQSh dollarini olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Payariq tumanidagi g`alla va paxtachilikka ixtisoslashgan fermer xo`jaligi rahbari muqaddam sudlanib, ozodlikdan mahrum etish bilan bog`liq jazo muddatini o`taganligiga qaramasdan, xatosidan to`g`ri xulosa chiqarmaydi.
U mahalliy tadbirkorning ishonchiga kirib, unga intensiv bog` tashkil etishi uchun tuman hokimligida rahbarlik lavozimlarida ishlovchi tanishlari orqali 30 gektar er maydoni olib berishni va`da qiladi hamda evaziga 15 ming AQSh dollari so`raydi.
DXX Samarqand viloyati boshqarmasi va Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning hududiy boshqarmasi xodimlari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbirda u so`ralgan puldan 7,5 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ushlandi.
Payariq tumanida kuzatilgan yana bir holatda fermer xo`jaligi rahbari mazkur xo`jalikning sug`oriladigan 1 gektar er maydonini parrandachilik bilan shug`ullanmoqchi bo`lgan fuqaroga 15 ming AQSh dollariga sotishga kelishadi va hokimiyat tizimidagi tanishlari orqali uning nomiga rasmiylashtirib berishni va`da qiladi.
Fermer xo`jaligi rahbari so`ralgan puldan avans sifatida 4 ming AQSh dollari olgan vaqtida DXX Samarqand viloyati boshqarmasi va Departamentning hududiy boshqarmasi xodimlari tomonidan qo`lga olindi.
Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.






