Bu haqda jinoyat ishlari bo`yicha Samarqand viloyati, Payariq tuman sudining raisi Shuhrat ShARIPOV jurnalist Xonbibi HIMMAT qiziga ma`lum qilgan.
Abduhakim aka qizi Nazirani 2018 yilning oktyabr oyida Abduqahhorga yaxshi niyatlar bilan katta to`y qilib uzatishgandi. Nazira turmush o`rtog`inikida dastlab qaynonasi bilan ahil yashadi. Bir yildan so`ng Rustam ismli farzandli bo`lishdi. So`ng qaynona-kelin o`rtasida o`zaro kelishmovchiliklar kelib chiqdi. Shundan so`ng qaynona ularni uyidan chiqarib yubordi.
Otasinikiga qaytgan Naziraning ortidan 3 kundan so`ng turmush o`rtog`i Abduqahhor ham etib keldi. U Nazirasiz yasholmasligini qaynona va qaynotasiga aytdi. Qaynota kuyoviga qizi bilan shu hovlida tinch-ahil, urishmasdan yashaydigan bo`lsa, turaverishini ta`kidladi. Kuyov rozi bo`ldi. Shundan so`ng qaynota qizi bilan kuyoviga uyidan alohida xona ajratib berdi.
Ular birgalikda tinch-totuv yashay boshlashdi. Abduhakim aka ularga o`zining tomorqa eridan uy-joy uchun er maydoni ajratib berdi. Ko`p vaqt o`tmay 3 xonali uy ham qurib berdi. Kuyovi Abduqahhor o`g`li Jamoliddin bilan o`zlarining fermer xo`jaligida turli ishlarni bajarib yurdi.
Mudhish voqea sodir bo`lgan kuni Jonona opa erta tongda turmush o`rtog`i Abduhakim aka va o`g`li Jamoliddinni ishga kuzatdi. Ular mashinada Juma shahriga ketishdi. Shundan so`ng Jonona opa o`g`li Jamoliddinning 9 oylik farzandiga qarab turdi.
Qizi Nazira va kuyovi Abduqahhor hamda nevaralari nonushta qilishdi. Ularga halaqit bermaslik uchun u oshxonadan boshqa xonaga bolani ko`tarib, chiqib ketdi.
Qizi bilan kuyovi nonushta qilib bo`lishgach, Rustamni ham ko`tarib, yangi uylarini loysuvoq qilishlik uchun chiqib ketishdi.
Ular qurilishi tamomlanmagan uyda ishlarini boshlashdi. Shunda Nazira turmush o`rtog`iga uyga ko`chib o`tish cho`zilib ketganini, shu paytgacha xonadon bitmaganini gapirib, erining ishidan ko`ngli to`lmaganini aytdi.
Ikkalovining o`rtasida janjal kelib chiqdi. Nazira shu erda bo`lgan ketmonning yog`ochdan ishlangan dasta qismi bilan erining elka sohasiga bir marta urdi. Abduqahhor o`zini ayol kishi tomonidan kaltaklanib, g`ururi poymol bo`lgandek his qildi. G`azablanib, Naziraga tashlandi. Uning qo`lidagi ketmonini tortib oldi. Ketmon bilan xotinining peshonasiga bir urdi. Bunday bo`lishini kutmagan Nazira erga gursillab yiqildi.
Abduqahhor esa Naziraga yanada kuchliroq azob berib, uni alohida qiynoqqa solish, shu orqali o`zidagi nafratni namoyon qilish maqsadida erga yiqilib qolgan turmush o`rtog`ining boshiga va duch kelgan eriga shafqatsizlarcha ketmon bilan ketma-ket uraverdi.
So`ngra qaynotasining uyiga qaytdi.
Jonona opa uyda o`tirgan vaqtida kimdir uyga kirib, shkafda turgan “Damas” mashinasining kalitini oldi. Oradan 5-10 daqiqalar o`tganidan so`ng ayvonda turgan “Damas mashinasi o`t olishni boshlaganligini eshitdi. Kim ekan deb, eshikni ochib qaraganida, “Damas” mashinasi hali joyidan qo`zg`almaganligini ko`rdi.
Abduqahhor “Damas”ni o`t oldirolmagach, xonasiga kirib, ust-boshini almashtirdi. Shkafda turgan pullardan 80 ming so`mini olib, uydan chiqib ketdi. Avvaliga Juma shahriga, so`ng Samarqand shahriga bordi. Nima ish qilib qo`yganligini o`ylab, pushaymon bo`ldi.
Jonona opa kuyovi va qizini har kuni soat taxminan 11:00lar bo`lganida tushlik qilishlik uchun ishlagan joyiga borib, chaqirib kelardi. Shuning uchun ular ishlab turgan bitmagan uyiga qarab borayotganida, yo`lda o`g`li Zohidni farzandi Fozil bilan kelayotganini ko`rdi. Zohid onasining maqsadini bilgach, o`zining o`g`li Fozilga ammasi Naziraning uyiga borib, tushlikka chaqirib kelishini tayinladi.
Birozdan so`ng Fozil chopib borib, qaytib keldi. Ammasi Nazira bir ahvolda qimirlamasdan yotganini, uning o`g`li Rustam atrofida yig`lab yurganini aytdi.
Shundan so`ng ona-bola yangi qurilgan uyga yugurib borishdi. Uyning derazasi yonida Nazira yotardi. Uning chap ko`zi ro`moli bilan bog`langan, o`ng ko`zi ochiq holatda, atrofi ko`karib ketgandi. Nevarasi Rustam esa yig`lab, atrofida emaklab yurardi.
Zohid darhol uyga qaytib, “Damas” mashinasini kalitini topolmasdan, “Neksiya-3” mashinasini haydab keldi. Nazirani shifoxonaga olib ketishdi. Zohid otasiga qo`ng`iroq qilib, Nazirani Abduqahhor urib, o`ldirib qo`yganini aytdi.
Ota darhol Zohidning ortidan borib, mashinaga o`tirdi. Qizini tomirini ushlab ko`rgan vaqtida yuragi urmayotganligini bildi. Shifokorlar Nazirani tekshirib ko`rib, vafot etganini aytishdi.
Shundan so`ng huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari kelishdi.
Abduqahhor tuman Ichki ishlar bo`limiga o`z ixtiyori bilan borib, turmush o`rtog`ini urganini tan oldi. IIB xodimlari unga turmush o`rtog`ini o`lib qolganini aytishdi.
Sud Abduqahhor Elmurodovga 18 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.






