AsosiyJamiyat

Abiturientlar davlat test markaziga ariza bilan murojaat qilsa, ularning to`lovlari qaytariladi — DTM

'Abiturientlar davlat test markaziga ariza bilan murojaat qilsa, ularning to`lovlari qaytariladi — DTM'ning rasmi

 2019-2020 o`quv yili qabuli test sinovlarida ishtirok etish uchun ariza bergan abiturientlardan undirilgan 896,4 mln. so`m miqdoridagi ortiqcha  pullar  mavzusi jamoatchilik, ommaviy axborot vositalari vakillari hamda blogerlar muhokamasiga sabab bo`lgan edi.

Bu haqda Davlat test markazi axborot xizmati rasmiy bayonot berdi.

Bayonotda ma`lum qilinishicha, abiturientlar davlat test markaziga ariza bilan murojaat qilsa, ularning to`lovlari qaytariladi.

2019/2020 o`quv yili qabulida oldingi yillar bitiruvchilaridan test sinovi uchun to`lov undirish birinchi marta joriy etilgan bo`lib, mazkur yilda abiturientlardan hujjatlar qabuli oliy ta`lim muassasalari qabul komissiyalari va Davlat xizmatlari markazlari orqali amalga oshirilgan. 

To`lov undirilmaydigan toifadagi abiturientlarning hujjatlari esa shu zahoti qabul qilingan. Bunda to`lovni amalga oshirmaydigan abiturientlar toifalari haqidagi ma`lumotlar Davlat test markazi tomonidan oliy ta`lim muassasalar qabul komissiyalari va Davlat xizmatlari markazlariga etkazilgan hamda Davlat test markazining telegramdagi rasmiy kanalida e`lon qilingan.

Shunday bo`lsa-da, to`lovni amalga oshirmaydigan abiturientlar tomonidan hujjatlarni topshirish jarayonida test sinovi uchun to`lovni amalga oshirish holatlari kuzatilgan. Buning natijasida 896,4 mln. so`m ortiqcha to`lov amalga oshirilgan. O`tgan davr mobaynida abiturientlarning arizasiga asosan ortiqcha to`langan 156,3 mln so`m mablag` egalariga qaytarilgan. 2021 yilning 25 mart holatiga ortiqcha to`langan mablag` miqdori 740,1 mln so`mni tashkil etadi.

Qolgan abiturientlar to`lovni qaytarish bo`yicha ariza bilan murojaat qilmaganliklari sababli, Davlat test markazida ularning to`lovlarini qaytarish imkoniyati bo`lmayapti.

Shunday bo`lsa-da, ularning ma`lumotlari tahlil qilinib, noto`g`ri to`lov amalga oshirgan 3 170 nafar abiturientning ma`lumotlari 2020 yil uchun ro`yxatdan o`tgan abiturientlar bazasidan aniqlanib, ularning telefon raqamlariga SMS xabarnomalar yuborilgan. Qolgan 4132 nafar abiturientning ma`lumotlariga aniqlik kiritib bo`lmayapti.

Shu o`rinda aytib o`tish kerakki, Davlat test markazi abiturientlar tomonidan noto`g`ri amalga oshirilgan to`lovlarning abiturientlarga to`liq holda qaytarilishi tarafdori bo`lib, mazkur abiturientlar Davlat test markaziga ariza bilan murojaat qilganda, ularning to`lovlari qaytarilishini ma`lum qiladi.

Shunindek, mazkur tadbirlarni amalga oshirish bilan bog`liq xarajatlar Davlat test markazi faoliyatini rivojlantirish jamg`armasi mablag`lari hisobiga qoplanishi qayd etilgan.

    Boshqa yangiliklar