Kecha 25 may kuni “Shoshilinch va tez tibbiy yordam: kafolatli, ishonchli va sifatli xizmat” mavzusidagi matbuot anjumani bo`lib o`tdi. Bu haqda Sog`liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati ma`lum qildi.
Yig`ilishda aytilishicha, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 25 yanvardagi “Shoshilinch tibbiy yordam tizimini jadal takomillashtirish chora-tadbirlari” to`g`risida qaroriga asosan, shoshilinch va kechiktirib bo`lmaydigan tibbiy yordam, mulkiy shakli va boshqaruvidan qat`iy nazar, barcha tibbiyot muassasalarida aholiga bepul ko`rsatilishi va hayot uchun xavf tug`diruvchi holatlarda tibbiyot muassasalariga shoshilinch tibbiy yordam so`rab murojaat qilgan shaxslarga malakali tibbiy yordam ko`rsatishni rad etish taqiqlanishi belgilandi.
Respublika ixtisoslashtirilgan markazlari uchun va alohida shoshilinch postlari bo`lmagan tibbiyot tashkilotlari uchun shoshilinch va kechiktirib bo`lmaydigan holatlar ro`yxati ishlab chiqildi va sog`liqni saqlash vazirining 2018 yil 23 fevralidagi tegishli buyrug`iga binoan tasdiqlandi.
Shoshilinch va kechiktirib bo`lmaydigan holatlarda tibbiy yordam ko`rsatish uchun zarur bo`lgan dori vositalari va tibbiy buyumlar ro`yxati ham tasdiqlandi.
Bundan tashqari, O`zbekiston Respublikasining “Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksi”ga qo`shimchalar kiritish to`g`risidagi Qonun loyihasi tegishli idoralar bilan kelishilgan holda Vazirlar Mahkamasiga kiritilgan.






