AsosiyJamiyat

"Ularning kaltaklanganligi xabari haqiqatdan yiroqdir". Toshkentda mehribonlik uyi sobiq tarbiyalanuvchilari bilan bo`lgan voqea haqida batafsil ma`lum qilindi

'"Ularning kaltaklanganligi xabari haqiqatdan yiroqdir". Toshkentda mehribonlik uyi sobiq tarbiyalanuvchilari bilan bo`lgan voqea haqida batafsil ma`lum qilindi'ning rasmi

Samarqanddan poytaxtga kelgan Mehribonlik uyining sobiq tarbiyalanuvchilari va Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi xodimlari ishtirokidagi voqea so`nggi kunlarda eng ko`p muhokama qilingan hodisalardan biriga aylandi. 

Poytaxt IIBB matbuot xizmati videolavha bo`yicha tekshirish ishlari olib borilayotganligi, xulosa qilishga hali barvaqt degan ma`noda xabar tarqatganiga qaramasdan, bir qator ommaviy axborot vositalari o`z veb-saytlarida hamda messenjerlarda "huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlari sobiq mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilarini kaltakladilar" kabi sarlavhali ma`lumotlarni tarqatishga shoshilishdi, deya holat yuzasidan batafsil ma`lumotlarni taqdim etmoqda Toshkent shahar IIBB Axborot xizmati. 

Ma`lum qilinishicha, "sensasiya"ni e`lon qilgan jurnalistlarning hech biri "kaltaklanganlar" haqidagi ma`lumotni hatto ko`z yugurtirib tekshirishga hafsala qilishmagan.

Video axborot agentliklaridan biri tomonidan joriy yilning 24 may kuni e`lon qilingan, voqea esa ikki kun oldin, ya`ni 22 may kuni sodir bo`lgan. Videoda ko`rinib turganidek, mehribonlik uyi sobiq tarbiyalanuvchilarining birortasining na yuzida, na qo`llari yoki bo`ynida jarohat izlari yo`q.

Xo`sh, joriy yilning 22 may kuni nima bo`ldi? 30 yoshli Nargiza D.ning so`zlariga ko`ra, u etti nafar tanishlari bilan O`zbekiston Mahkamasi binosining yoniga mas`ul xodimlardan biri bilan (Nargiza u haqidagi ma`lumotlarni videoda keltiradi) uchrashish va suhbatlashish uchun kelgan.

Mehmonlar Vazirlar Mahkamasining mas`ul xodimlari bilan bo`lgan suhbatda o`zlarini noo`rin tutishganligi sababli voqea joyiga Yunusobod tumani IIO FMB xodimlari chaqirilgan. Xodimlar fuqarolar tamonidan baqir-chaqirlarni bas qilish iltimosiga, tashrif buyuruvchilar rad javobini berishdi va shu sababli homilador ayol va uning eridan tashqari olti kishi (keyinchalik xomilador ayol va uning turmush o`rtog`i o`zlari IIO FMBga kelishdi) Yunusobod tumani IIO FMBga olib ketildilar.

Homilador 27 yoshli Muhayo T. ning ahvoliga kelsak. Bo`lajak onaning sog`lig`ini tekshirish uchun uning yoniga Vazirlar Mahkamasidan hamshira kelganida, ayol xamshiraga o`zini yaxshi his qilayotganini aytgan. Keyin, Muhayyo janjal va qichqiriqlar tufayli o`zini yomon his qila boshlaganini aytganda, “tez yordam” chaqirilib, u va uning turmush o`rtog`i Toshkent tibbiyot akademiyasiga (eski ToshMI) olib ketildi. Shifokorlar ayolga uning sog`lig`i va bolaning sog`lig`ini kuzatib borish uchun shifoxonada qolishni tavsiya qilishdi. Biroq, er-xotin kasalxonada qolishdan bosh tortdilar, bu ma`lumot tibbiy muassasaning tegishli hujjatlarida qayd etilgan.

Shuningdek, ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan go`yoki jismoniy kuch ishlatilganligi sababli, sog`lig`i yomonlashayotganidan shikoyat qilgan 27 yoshli G`iyos D. uchun ham Yunusobod tumani IIO FMBga tez tibbiy yordam chaqirilgan. Shifokorlar ushbu fuqaroda qo`l mushaklarining cho`zilishini qayd etishgan. Biroq, ikki kun o`tib internetga joylashtirilgan video materialda ush bu fuqaroning qo`lida xech qanday tibbiy bog`lam yo`qligi ko`rinib turibdi. 

Yunusobod tumani IIO FMB xodimida qayd etilgan tan jarohatlariga kelsak. Darhaqiqat, xodimning qo`llarida shilinnish va tishlash izlari bor.

Hodisaning qolgan ishtirokchilari, shu jumladan 30 yoshli Nargiza D. tibbiy yordamga muhtojligini aytmagan va o`zlari ham tibbiy muassasalarga murojaat qilishmagan.

Ushbu holat prokuratura organlari va O`zbekiston Respublikasi IIV O`z xavfsizlik boshqarmasi Toshkent shahar bo`limi tomonidan o`rganildi. Tekshiruv davomida Yunusobod tumani IIO FMB xodimlari tomonidan qonun buzilishi va vakolatlarini suiste`mol qilish holatlari aniqlanmadi.

Yuqoridagilardan ko`rinib turibdiki, tarqatilgan "huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari tomonidan, sobiq mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari kaltaklanganligi” haqidagi xabar haqiqatdan yiroqdir. Bundan tashqari, tanqidiy muxokama jarayonida bir kanaldan ikkinchisiga xabar yuborish orqali "shov-shuvli xabar" yangi "tafsilotlar" bilan to`lib toshdi, ya`ni: Samarqanddagi bolalar uyining sobiq tarbiyalanuvchilariga, Toshkentdagi bolalar uyining tarbiyalanuvchilarini qo`shishdi. Aslida esa unday bo`lmagan. Tarbiyalanuvchilar tunab qolishgan deb taxmin qilingan er osti yo`lida aslida hech kim tunamagan.

"Hurmatli jurnalistlar va blogerlar, biz sizdan jurnalistikaning asosiy qoidalariga rioya qilishingizni iltimos qilamiz: e`lon qilishdan oldin ma`lumotni tekshirib ko`ring, xolis bo`ling, ko`proq sharh va "layk"lar to`plash uchun ma`lumotni noto`g`ri talqin qilmang. Aks holda, bu jurnalistika emas, balki diletantlikka aylanib qoladi", - deyiladi xabarda. 

Samarqand Mehribonlik uyining sobiq tarbiyalanuvchilarining uy-joy bilan bog`liq muammosi haqida. Toshkent shahar Ichui ishlar bosh boshqarmasi matbuot xizmati ushbu masala bo`yicha surishtiruv o`tkazganida quyidagilarni anikladi. Videodagi fuqarolar Mehribonlik uyini tamomlaganlaridan so`ng, ularga tanlash imkoni berilgan: o`sha paytda mavjud bo`lgan ijtimoiy uy yoki imtiyozli shartlar bilan ipoteka krediti asosida xonadon olish. Sakkiz kishi ham ikkinchi variantni tanlashgan. Biroq, hamma ham kreditni to`lay olmagan va shu sababli tarbiyalanuvchilar kredit miqdorini kamaytirishni so`rab poytaxtga kelishgan. Vazirlar Mahkamasi vakili tarbiyalanuvchilarga ushbu masala ijobiy hal qilinayotganligini va ulardan bir oz fursat poylab turishlarini tushuntirdi.

    Boshqa yangiliklar