AsosiyJamiyat

Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazi tashkil etiladi

'Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazi tashkil etiladi'ning rasmi

Avval xabar berganimizdek, “Aholiga gematologiya va onkologiya xizmatlarini ko`rsatish tizimini yanada takomillashtirish to`g`risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.  

Unga ko`ra, gematologiya va onkologiya markazlari ilg`or xorijiy tibbiyot muassasalarining tajribasi asosida barpo etilgan zamonaviy bino-inshootlarga ko`chiriladi.

Xususan, Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Chilonzor tumani Arnasoy ko`chasidagi zamonaviy binolarga operativ boshqaruv huquqi asosida bepul joylashtiriladi.

2021 yil 1 sentyabrga qadar yangi binoda Rossiyaning D. Rogachev nomidagi markaz tajribasi asosida jarrohlik, intensiv terapiya, transfuziologiya va transplantalogiya, radio diagnostika, bakteriologik laboratoriya, maxsus ovqat tayyorlash bo`limlari hamda bolalar uchun ta`lim olish markazlari tashkil etiladi.

Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Toshkent tibbiyot akademiyasi klinikasining bo`sh turgan hududida yangidan barpo etiladigan bino-inshootlar kompleksiga ko`chiriladi.

Shuningdek, qaror bilan yuqoridagi markazlar faoliyatini samarali tashkil etish bo`yicha ishchi guruhi tashkil etiladi. Ishchi guruhi markazlar uchun quriladigan bino-inshootlar komplekisining ilg`or xorijiy tibbiyot muassasalari tajribasi asosida tashkil etilishiga mas`ul hisoblanadi.

Jahon sog`liqni saqlash tashkilotining takliflari asosida Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazi tashkil etilmoqda hamda uni 2022 yil 1 yanvardan boshlab mustaqil markaz sifatida faoliyat ko`rsatishi belgilanmoqda.

Markazning joylardagi vertikal faoliyati hududlardagi bolalar ko`p tarmoqli tibbiyot markazlarida Bolalar gematologiya va onkologiyasi bo`limlarini tashkil etish orqali ta`minlanadi.

Sog`liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati

    Boshqa yangiliklar