Ijtimoiy tarmoqlarda va messenjerlarda jismoniy imkoniyatlari cheklangan ayolga nisbatan shafqatsizlarcha munosabatda bo`layotganligi aks etgan video tarqaldi.
Mazkur holat yuzasidan Ichki ishlar vazirligi qo`shimcha ma`lumotlarni e`lon qildi. 25 maydan 26 mayga o`tar kechasi soat 03.15 larda 102 raqamiga tez tibbiy yordam muassasasidan kelib tushgan xabarga ko`ra, 24 yoshli Moxizoda V. tan jarohatlari bilan keltirilganligi aniqlandi.
Toshkent shahar IIBB xodimlari tomonidan o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruv davomida quyidagilar ma`lum bo`ldi.
24 may kuni, 28 yoshli Mumtozbegim D. o`zining Mirobod tumanidagi xonadonida bo`la turib, ikki nafar tanishlari: 20 yoshli Diyora B. va 23 yoshli Mukarram M. lar bilan birga 24 yoshli Moxizoda V.ga tan jarohatlari etkazishgan.
Biroq ayol o`zi tushuntirib bermagan sabablarga ko`ra, o`zi yashab kelgan ushbu xonadondan faqatgina 25 maydan 26 mayga o`tar kechasi chiqqan.
Nukus ko`chasida Moxizoda V. o`tib ketayotgan tez tibbiy yordam mashinasini to`xtatib, qo`l harakatlari bilan tibbiy yordamga muhtojligini ma`lum qilgan va oyog`idagi jarohatlarni ko`rsatgan.
Hozirda barcha ishtirokchilarning shaxsi aniqlangan, sud-tibbiy ekspertiza tayinlangan.
Mazkur holat yuzasidan Mirobod tumani IIO FMB Tergov bo`limi tomonidan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 110-moddasi 2-qismi “v” bandi (Qiynash, ojiz ahvoldaligi aybdorga ayon bo`lgan shaxsga nisbatan sodir etilgan bo`lsa) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.
Tergov davomida sodir bo`lgan voqeaning sabablari batafsil o`rganiladi.






