AsosiyJamiyat

O`zbekistonga Rossiya Federasiyasi Sog`liqni saqlash vazirligi delegasiyasi tashrif buyurdi

'O`zbekistonga Rossiya Federasiyasi Sog`liqni saqlash vazirligi delegasiyasi tashrif buyurdi'ning rasmi

Mamlakatimizga vazir Mixail Murashko boshchiligidagi Rossiya Federasiyasi Sog`liqni saqlash vazirligi delegasiyasi  tashrifi boshlandi.  Bu haqda Sog`liqni saqlash vazirligi  Matbuot xizmati xabar bermoqda. 

Delegasiya tarkibiga Rossiya Federasiyasi Sog`liqni saqlash vazirligi vakillari, shuningdek, akademik V.I. Shumakov nomidagi transplantologiya va sun`iy organlar milliy tibbiyot ilmiy-tadqiqot markazi direktori Sergey Gote va N.I. Pirogov nomidagi Rossiya milliy ilmiy-tekshirish tibbiyot universiteti rektori Sergey Lukyanov kabi yuqori darajadagi mutaxassislar kirdi.  

O`zbekiston va Rossiya o`rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar yuqori darajadagi muntazam uchrashuvlar bilan tavsiflanadi. Xususan, 2017 yilning aprel oyida mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoev Rossiyaga davlat tashrifi bilan bordi. Oliy darajadagi muzokaralar chog`ida ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi, qator dolzarb xalqaro va mintaqaviy mavzular bo`yicha fikr almashildi. Tashrif davomida hukumatlararo, idoralararo va korporativ hujjatlar to`plami imzolandi. 2018 yilning oktyabrida esa Rossiya Federasiyasi Prezidenti Vladimir Putin davlat tashrifi bilan yurtimizga keldi.

Ta`kidlash joizki, joriy yilning mart oyida O`zbekiston sog`liqni saqlash vaziri Abduhakim Xadjibaevning Rossiya Federasiyasiga tashrifi ikki mamlakat o`rtasida sog`liqni saqlashning qator yo`nalishlarida hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qildi. Transplantasiya sohasida sezilarli yutuqlarga erishildi.  

Imzolangan hamkorlik shartnomalari doirasida hozirda akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va Respublika ixtisoslashtirilgan nefrologiya va buyrak transplantasiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tibbiyot xodimlari Rossiyaning akademik V.I. Shumakov nomidagi transplantologiya va sun`iy organlar milliy tibbiyot ilmiy-tadqiqot markazida malaka oshirishni boshlashdi.  

Rossiya Sog`liqni saqlash vazirligi delegasiyasining tashrifi tibbiyotning dolzarb yo`nalishlari bo`yicha kelishuvlarni samarali bajarishni davom ettirish maqsadida amalga oshirilmoqda.

Tashrif davomida yuqori darajadagi qator uchrashuvlar, mamlakatimizning etakchi tibbiyot muassasalariga tashriflar rejalashtirilgan. Shuningdek, delegasiya N.I. Pirogov nomidagi Rossiya milliy ilmiy-tekshirish tibbiyot universiteti filialining ochilishiga tayyorgarlik ko`rish ishlarini ko`zdan kechirish maqsadida Chilonzor tibbiyot kollejiga ham tashrif buyuradi.  

Tashrif yakunlari bo`yicha N.I. Pirogov nomidagi Rossiya milliy ilmiy-tekshirish tibbiyot universiteti bilan O`zbekiston Sog`liqni saqlash vazirligi o`rtasida shartnoma imzolanishi ko`zda tutilmoqda.

    Boshqa yangiliklar