O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 14-yalpi majlisida senator A. Soatov tomonidan Surxondaryo viloyati “Suvoqava” DUKning Termiz shahar filialiga tegishli “Chiqindi suvlarni tozalash inshooti” talab darajasida ishlamasligi sababli chiqindi suvlarni tozalashga imkoniyati etmasdan Amudaryoning Afg`oniston bilan chegara sohilidagi qamishzorga tez-tez oqizib yuborilishi, natijada qamishzorda turli xil zararli pashsha va chivinlar ko`payib, shahar axolisi “Pashshaxo`rda” yarasidan muntazam aziyat chekib kelishi ta`kidlangan edi.
Mazkur masala yuzasidan tegishli vazirlik va idoralar vakillaridan iborat ishchi guruh tuzilib, senator A. Soatov bilan birgalikda joyiga chiqqan xolda Surxondaryo viloyati “Suvoqava” DUKning Termiz shahar filialiga tegishli chiqindi suvlarni tozalash inshootining texnik va ekologik holati o`rganildi.
Termiz shaxar oqova suv tozalash inshootining samaradorligi 50-55% ni tashkil etib, sinov laboratoriyalarning so`nggi kimyoviy tahlillariga asosan, oqavadagi muallaq moddalar belgilangan me`yordan 1,5 barobar, azotli nitrit esa qariyb 2 barobar ortiq me`yorda oqizilayotganligi ma`lum bo`ldi.

Bundan tashqari, chiqindi suvlarni tozalash inshootining xavo tozalash jixozlarini ta`mirdan chiqarish, avtomatika qismlarini texnik ko`rikdan o`tkazish va il uzatish nasoslarini qayta ta`mirdan chiqarish kabi bir qator muammolar ham mavjudligi, inshootning havo haydash uskunasiga o`rnatilgan 3 ta dvigatel ishdan chiqqanligi, uskuna sutkasiga o`rtacha 5-8 soat ishlatilayotgani aniqlandi.

O`rganishlar natijasida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf qilish va mukammal ta`mirlash ishlarini amalga oshirish bo`yicha mutasaddi tashkilot rahbarlari va mutaxassislar bilan birgalikda chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan. Yil yakuniga qadar inshootni bosqichma-bosqich ta`mirlash va yangi jihozlar bilan ta`minlash rejalashtirildi. Ushbu dasturni bajarilishi Qo`mita tomonidan nazoratga olindi.






