AsosiyJamiyat

O`zbekistonda so`nggi ikki yilda uy-joy kommunal xizmat ko`rsatish sohasida 100 ga yaqin mansabdorlar korrupsiya tufayli javobgarlikka tortilgan

'O`zbekistonda so`nggi ikki yilda uy-joy kommunal xizmat ko`rsatish sohasida 100 ga yaqin mansabdorlar korrupsiya tufayli javobgarlikka tortilgan'ning rasmi

“Bir narsani to`g`ri tushunish kerak, agar insonning yashash sharoiti yaxshi bo`lmasa, oilasida tinchlik, ishida unumdorlik bo`lmaydi, norozilik kayfiyati kuchayadi”, - dedi Prezident Shavkat Mirziyoev ayni paytda davom etayotgan videoselektor yig`ilishida. Shu o`rinda uy-joy kommunal va qurilish sohasida oqsoqliklar haqida ham to`xtalib o`tildi.

“Darakchi” muxbiri Sardorbek Rahmonqulovning yig`ilishdan ma`lum qilishicha, joriy yilda ishga tushirilgan “Shaffof qurilish” tizimi orqali, pudratchilarni ochiq-oshkora tanlab olish natijasida, bir oyning o`zida investisiya dasturlari doirasida 400 milliard so`mdan ziyod mablag`lar iqtisod qilingan.

Shundan:

  • Qoraqalpog`iston, Qashqadaryo, Samarqand va Sirdaryoda – 40 milliard so`mdan;
  • Xorazmda – 35 milliard so`m;
  • Buxoro, Jizzax, Toshkent viloyati va Toshkent shahrida – 30 milliard so`mdan.

So`nggi 3 yilda umumiy maydoni 41 million kvadrat metrli 155 mingta xonadon foydalanishga topshirilib, ko`p kvartirali uy-joylar soni 2 baravarga oshgan.

Ko`p qavatli uy-joylarda kuzatilayotgan muammolar:

  1. O`tkazilgan so`rovlarda 35 foiz aholi ko`p-qavatli uy-joylarga ko`rsatilayotgan xizmatlardan mutlaqo norozi, 65 foiz aholi shirkatlar ishini amalda sezmayapti.
  2. Shuningdek, shirkatlarning muddati o`tgan kreditorlik qarzi 1,4 trillion so`mdan ortib (shundan 277 milliard so`mi muammoli kredit), 950 tasining (25 foiz) moliyaviy holati o`ta og`ir ahvolda (Toshkent viloyati – 209 ta, Andijon – 208 ta, Samarqand – 68 ta, Jizzax – 65 ta, Qoraqalpog`iston – 46 ta, Farg`ona – 26 ta).
  3. Qariyb 70 foiz shirkatlarning kredit muddatlari hattoki 3-4 martadan uzaytirib berilgani bilan, ushbu imtiyoz berilgan kreditlarning 52 foizi so`ndirilmayapti. Muammoli kreditlarning asosiy qismi Toshkent shahri (90 milliard so`m), Andijon (35 milliard so`m), Toshkent viloyati (28 milliard so`m), Farg`ona (27 milliard so`m),  Surxondaryo (26 milliard so`m) va Samarqandga (22 milliard so`m) to`g`ri keladi.

Shu bilan birga, uy-joy kommunal xizmat ko`rsatish sohasida mablag`larni samarasiz ishlatish, byudjet mablag`larini talon-toroj qilish, qolaversa korrupsiyaviy omillar ancha yuqori.

Jumladan, o`tgan 2 yil davomida sohaning 100 ga yaqin mansabdor shaxslari korrupsiyaviy jinoyatlar sodir etgani uchun, javobgarlikka tortilgan.

Masalan, Andijon uy-joy kommunal xizmat ko`rsatish boshqarmasi rahbarlari 240 million so`m, Namangan “Ta`mirlash tiklash xizmati” korxonasi mansabdorlari 250 million so`m byudjet mablag`larini talon-toroj qilgan, Surxondaryo Suv ta`minoti boshqarmasi xodimlari 540 million so`m mablag`larni o`zlashtirib yuborgan.

 

    Boshqa yangiliklar