AsosiyShou-biznes

Rashid Holiqov oilasidagi malikalarni qanday siylaydi?

“HAR YIL SYuRPRIZ KUTAMIZ”

O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Rashid Xoliqov bu bayramga alohida tayyorgarlik ko`rishini doim ta`kidlaydi. Buning o`ziga yarasha sabablari bor. Chunki oilaning kenjasi Azizaxon 8 mart Xotin-qizlar bayramini juda ham yaxshi ko`rar ekan. Bugun xonandaning turmush o`rtog`i, 3 o`g`il va 1 qizning onasi Saida Xoliqova bilan suhbatlashib, xonanda oilasi malikalarini qanday syurprizlar bilan siylashini bilib olamiz. 

Bayram tungi 12 dan boshlanadi

Bayram bizning uyda tungi soat o`n ikkidan boshlanadi. Turmush o`rtog`im va o`g`illarim biz uxlagach, bilintirmay guldastalarni uyga olib kirib qo`yishadi. Erta tongdan uyqudan uyg`onishimiz bilan birinchi bo`lib gullarga ko`zimiz tushib, quvonamiz. 

“Bu gal nima sovg`a qilisharkan?”

—  Turmush o`rtog`im va farzandlarim bayram bilan meni birinchi bo`lib tabriklashadi. Hamma bayramlarda o`zim istagan sovg`alarni qabul qilganman. Lekin bu yil nima sovg`a tayyorlashganini bilolmadim. Balki eng yaxshi ko`rgan atirimni yoki kosmetik vositalar sovg`a qilishar... Chunki aynan shu narsalar mening jonu dilim ekanini yaxshi bilishadi. 

Qizim Aziza bayramga oz qolganda nimalar istayotgani haqida sha`ma qilib qo`yadi (kuladi). Misol uchun kuni kecha yangi telefon haqida gap boshlayotgan edi. Aslida u texnikani juda yaxshi ko`radi. Yangi uyali aloqa vositalari haqida xabar topgani zahoti o`shani o`zida bo`lishini istaydi. Shuning uchun menimcha bayramga qizimga yangi telefon sovg`a qilishsa kerak, yana kim biladi... 

“Bayramda oshpaz bo`lganlar...”

8 mart bayramida o`z oilaviy an`anamiz bor. Hammamiz birgalikda biror restoranga boramiz. Ana shunday tadbirlarda vaqtni xushnud o`tkazib, sovg`a ulashishni yaxshi ko`rishadi. Lekin bir marta hech qaerga bormaganmiz va Rashid aka o`z qo`llari bilan taom pishirib berganlar. Ammo tansiq taomdan keyin yig`ishtirish ishlari baribir o`zimga qolgan. Ular ishlaganda men tomosha qilib o`tirolmayman-ku. Buni o`zlari ham sezgach, tinchgina, ovoragarchiliklarsiz restoranga boradigan bo`lganmiz.

    Boshqa yangiliklar