AsosiyJamiyat

Fuqarolarni tibbiy ko`rikdan o`tkazish va nogironlikni aniqlash masalalari Senatda muhokama qilindi

'Fuqarolarni tibbiy ko`rikdan o`tkazish va nogironlikni aniqlash masalalari Senatda muhokama qilindi'ning rasmi

Bugun Senat yalpi majlisida 2020 yil Tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari tomonidan fuqarolarni tibbiy ko`rikdan o`tkazish va nogironlikni aniqlash masalalari yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so`rovi natijalari muhokama qilindi.

Mazkur parlament so`rovi natijalari 2020 yil 21 oktyabrda Senat yalpi majlisida muhokama qilinib, Hukumat tomonidan ayrim masalalarga aniq javob berilmaganligi qayd qilingan edi.

Xususan, tibbiy-mehnat ekspertiza xizmati faoliyatini kompleks tartibga soladigan yagona normativ-huquqiy hujjat mavjud emasligi, fukarolarning tibbiy-mehnat ekspert komissiyalarida tibbiy ko`rikdan o`tish tartibining murakkabligi, nogironlik belgilari aniq ko`rinib turgan, anatomik nuqsonlari bo`lgan bemorlarni qo`shimcha tibbiy tekshiruvdan o`tkazmasdan turib nogironlik belgilash tizimi yo`lga qo`yilmaganligi tanqid qilingan hamda Senat qarori bilan qo`shimcha muddat va topshiriqlar berilgan edi.

Muhokamada Hukumat tomonidan mazkur masala batafsil o`rganib chiqilganligi, “Nogironligi bo`lgan shaxslarning huquqlari to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Qonuni ijrosini ta`minlash, keksalar va nogironligi bo`lgan shaxslarni davlat tomonidan ijtimoiy qo`llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish, ijtimoiy himoya va tibbiy-ijtimoiy yordamning zamonaviy mexanizmlarini amalga oshirishda yangi yondashuvlarni joriy etish maqsadida O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 25 martdagi “Keksalar va nogironligi bo`lgan shaxslarni ijtimoiy qo`llab-quvvatlash, “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylari tizimini yanada rivojlantirish to`g`risida”gi PF–6195-sonli Farmoni qabul qilinganligi qayd etildi.

Shuningdek, tibbiy-ijtimoiy reabilitasiya xizmati sifatini oshirish, tizim xodimlarining malaka va kasb mahoratini oshirishni nazarda tutuvchi Davlat tomonidan ko`rsatiladigan tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni takomillashtirish bo`yicha “Yo`l xaritasi” tasdiqlangan.

Senatorlar tomonidan “Yo`l xaritasi”da nogironlikni belgilashda shaxsni “tibbiy-mehnat” ekspertizadan o`tkazish tizimidan voz kechilib, “tibbiy-ijtimoiy” ekspertizadan o`tkazish tizimiga o`tish, o`n sakkiz yoshgacha bo`lgan bolalarni nogironligi bo`lgan shaxs deb topish bo`yicha pediatriya tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalarini tashkil qilish, nogironlikni belgilashni yagona tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari tizimi tomonidan amalga oshirish kabi vazifalar o`z aksini topganligi ta`kidlandi.

Davlat tomonidan ko`rsatiladigan tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni yaxshilash bo`yicha “Yo`l xaritasi” ijrosi doimiy nazoratda bo`lishi yuzasidan Senat qarori qabul qilindi.

    Boshqa yangiliklar