Maktabgacha ta`lim vazirligi Axborot xizmatiga kuni kecha Xorazm viloyati, Urganch shahri fuqarosi Mohira Atadjanova tomonidan farzandi 2019-yilda tug`ilgan Doschanov Shoxjahon Urganch shahridagi “Osiyo bonu” nodavlat maktabgacha ta`lim tashkilotida tarbiyalanayotganligi hamda nodavlat maktabgacha ta`lim tashkiloti xodimlarining e`tiborsizligi tufayli barmog`i qattiq jarohatlanib kesilib ketganligi haqidagi xabar ma`lum qilindi. Bu xaqda vazirlik axborot xizmati xabar bermoqda.
Ma`lum qilinishicha, zudlik bilan Xorazm viloyati Maktabgacha ta`lim boshqarmasi rahbariyati bilan bog`lanib, vaziyat haqida oydinlik kiritilgan.
Xorazm viloyati Maktabgacha ta`lim boshqarmasining ishchi guruhi tomonidan, ro`y bergan holat yuzasidan o`rganish o`tkazilganda ma`lum bo`ldiki, chindan ham vaziyat joriy yilning 26 aprel kuni tarbiyachi va tarbiyachi yordamchisining e`tiborsizligi tufayli baxtsiz hodisa sodir etilib, tarbiyalanuvchiga jarohat etganini ko`rgan tarbiyachi zudlik bilan bolani kasalxonaga etkazgan.
"Osiyo Bonu" nodavlat maktabgacha ta`lim tashkiloti hisoblanib, 35 quvvatga ega, bugungi kunda 22 nafar tarbiyalanuvchi tarbiyalanmoqda.
2018 – yilda tashkilotga o`z faoliyatini yuritish uchun tegishli tartibda guvohnoma berilgan bo`lib, shu vaqtga qadar nodavlat maktabgacha ta`lim tashkilotida bunday ko`ngilsiz holatlar ro`y bermagan.
Maktabgacha ta`lim vazirligi, hozirda huquq-tartibot idoralari tomonidan tegishli tartibda o`rganish tadbirlari o`tkazilayotganligini, qolaversa, sodir etilgan noxush holatga bee`tibor emasligini ma`lum qiladi.
Sodir bo`lgan voqea yuzasidan keyingi tafsilotlar huquq-tartibot organlari axborot xizmatlari tomonidan beriladi.
Ma`lumot uchun: O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta`lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 27 martdagi “Nodavlat ta`lim xizmatlari ko`rsatish sohasidagi faoliyatini lisenziyalash tartibini takomillashtirish to`g`risida”gi 241-son Qarorga ko`ra, ushbu "Osiyo Bonu" nodavlat maktabgacha ta`lim tashkilotiga ta`lim va tarbiya faoliyatini yuritish uchun lisenziya berilgan.






