“Sog`liqni saqlash sohasini kompleks rivojlantirishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi Prezident qaroriga ko`ra, maktabgacha ta`lim muassasalari va maktablarda to`g`ri ovqatlanishni yo`lga qo`yish maqsadida 2021/2022 o`quv yilidan boshlab yangilangan ovqatlanish rasionini hamda ushbu yo`nalish bilan shug`ullanuvchi tadbirkorlik sub`ektlariga bo`lgan talablarni tasdiqlanib, bolalarning sog`lig`iga zarar va rivojlanishiga ta`sir ko`rsatadigan barcha oziq-ovqat mahsulotlarini maktabgacha ta`lim muassasalari va maktablar hududida sotishga cheklovlar qo`yiladi. Bu haqda SSV matbuot kotibi ma`lum qildi.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati maktabgacha ta`lim muassasalari va maktablarda bolalarning sog`lom va xavfsiz ovqatlanishini ta`minlash maqsadida belgilangan sanitariya qoidalari, normalari va gigiena normativlariga so`zsiz rioya etilishi ustidan nazoratni kuchaytirishi belgilandi.
Onalar va bolalar, reproduktiv yoshdagi ayollar salomatligini ta`minlash uchun zarur dori va tibbiyot vositalari (“K” vitamin, surfaktant va boshqalar) bilan qo`shimcha ta`minlash uchun Davlat byudjetidan 2021 yilda 26 milliard so`m ajratiladi.
Bolalar va tug`ruq muassasalarida yuqori texnologik laborator uskunalaridan to`laqonli va samarali foydalanish maqsadida 2022 yildan boshlab Davlat byudjetidan reaktiv, reagentlar, sarflov anjomlari hamda servis xizmatlar uchun qo`shimcha 8 milliard so`m ajratiladi.






