AsosiyJamiyat

O`zbekistonda nodavlat tibbiyot muassasalariga ishga qabul qilish tartibi o`zgardi

'O`zbekistonda nodavlat tibbiyot muassasalariga ishga qabul qilish tartibi o`zgardi'ning rasmi

Shavkat Mirziyoevning shu yil may oyidagi “Sog`liqni saqlash sohasini kompleks rivojlantirishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi qaroriga ko`ra, 2021 yil 1 iyuldan boshlab ish staji besh yil bo`lmagan oliy ma`lumotli tibbiyot xodimlarini nodavlat tibbiyot tashkilotlariga ishga qabul qilish bilan bog`liq talablar davlat tibbiyot muassasalariga tenglashtiriladi.  

Mazkur qarorning ushbu bandiga oydinlik kiritish maqsadida SSV Matbuot xizmati vazirlikning Lisenziyalash va akkreditasiyalash boshqarmasi boshlig`i Farhod Rahimqulovga murojaat qildi:

— Bu qarorning nodavlat tibbiyot tashkilotlariga ishga qabul qilish bilan bog`liq 12-bandi tibbiyot sohasida kadrlar bandligini ta`minlash va tibbiyot oliy o`quv yurtlari bitiruvchilarining mehnat bozoridagi tanlov imkoniyatini oshirish bo`yicha katta qadam bo`ldi, - deydi F. Rahimqulov. — Avval nodavlat tibbiyot muassasalariga ishga kirish uchun shifokorda   malaka toifasi bo`lishi talab etilardi. Buning uchun kamida 5 yil tibbiy faoliyat bilan shug`ullanish lozim edi. Bundan o`z-o`zidan ko`rinadiki, oliy o`quv yurtini endi tugatgan yosh mutaxassis xususiy shifoxonada ish boshlay olmasdi. Davlat tibbiyot muassasalarining shtatlar imkoniyati ham barcha bitiruvchilarni ish bilan ta`minlashda qiyinchilik tug`dirar edi.

2021 yil 1 iyuldan ushbu murakkabliklarga chek qo`yiladigan bo`ldi. Ya`ni nodavlat tibbiyot muassasasi biror yosh mutaxassisning bilim va malakasiga ishonch bildirib, uni ish bilan ta`minlamoqchi bo`lsa, ulardan malaka toifasi talab qilinmaydi. Mutaxassis ish boshlaganidan so`ng, vaqti kelganida shu ish joyida ishlab turib ham malaka toifasini olishi mumkin. Xullas, endi tibbiyot muassasasining mulkchilik shakli yosh mutaxassislarni ishga qabul qilishga to`siq bo`la olmaydi.

️Eslatib o`tamiz, Prezidentning 2017  yil  1  apreldagi “Sog`liqni saqlash tizimining xususiy sektorini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qaroriga asosan,  xususiy tibbiyot tashkilotlari qariyib 130 yo`nalishdagi  tibbiy ixtisosliklar bo`yicha lisenziya olishlariga imkon yaratildi. Bundan avval ular atigi 50 turdagi  tibbiy xizmat ko`rsatish huquqiga ega edi.  

Ayni paytda mamlakatimizda  6,5 mingdan ziyod xususiy tibbiyot muassasalari faoliyat ko`rsatmoqda.  

Shuningdek, “Sog`liqni saqlash sohasini kompleks rivojlantirishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi Prezident qarorida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatiga nodavlat tibbiyot tashkilotlari faoliyatini tashkil etishda bino va inshootlarga belgilangan sanitariya qoidalari, normalari va gigiena normativlarini xalqaro standartlardan kelib chiqib, qayta ko`rib chiqish belgilandi.

Sog`liqni saqlash vazirligi  

Matbuot xizmati.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar