DXX Xorazm viloyati boshqarmasi va viloyat ichki ishlar boshqarmasi xodimlari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbirda odam savdosi bilan bog`liq jinoyatga chek qo`yildi. Bu haqda "darakchi.uz"ga DXX Axborot xizmati xabar berdi.
Aniqlanishicha, Urganch shahrida yashovchi, 1986 y.t. V.S. va uning Qo`shko`pir tumanida istiqomat qiluvchi qarindoshi, 1979 y.t. S.V.lar xorazmlik 1998 y.t. K.Z., 1998 y.t. J.O. va 2000 y.t. R.X.larning ishonchiga kirib, ularni fohishalik bilan shug`ullanish uchun Birlashgan Arab Amirliklarga yuborishni rejalashtirishgan.
O`tkazilgan tezkor tadbir davomida V.S. hamda S.V. qizlarni Urganch shahridan Toshkent shahriga avtomashinada jo`natayotgan vaqtlarida ushlandi.
Aniqlanishicha, K.Z., J.O. va R.X.lar o`zlarining nomiga “Toshkent - Dubay” yo`nalishi bo`yicha sotib olingan aviachipta hamda rasmiylashtirilgan viza harajatlarini Dubay shahrida ishlab, pul topganlaridan so`ng to`lab berishlari kerak bo`lgan.
Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida V.S. BAAdagi jinoiy aloqalari buyurtmasiga ko`ra, muqaddam bir nechta ayollarni fohishalik bilan shug`ullantirish uchun Dubay shahriga yuborganligi ham ma`lum bo`ldi.
Hozirda V.S. va S.V.larga nisbatan Jinoyat Kodeksining 135-moddasi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.






