Saylov bu davlatning eng muhim siyosiy jarayonlardan biri bo`lib, unda odamlar o`zining xohish-irodasiga bo`ysungan holda o`z vakilini saylaydi. Ushbu vakillar Prezident hamda deputatlardir.
Joriy yil oktyabrda Prezident saylovi bo`lib o`tadi. Prezidentlikka saylov davlatimizda ilk marotaba yangi Saylov kodeksiga muvofiq o`tkaziladi.
Saylovga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish ochiqlik va shaffoflik tamoyillariga tayangan holda o`tkazilishi zarur. Shu sababli, 2021 yil 31 mayda “O`zbekiston Respublikasining Saylov kodeksiga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi Qonun qabul qilindi.
Qonun bilan Saylov kodeksining bir qator moddalariga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritildi. Unga ko`ra, nomzod ko`rsatgan siyosiy partiyalar organlari, nomzodlar, ishonchli vakillar, kuzatuvchilar va saylovchilar saylov komissiyalarining qarorlari ustidan ushbu qarorlar qabul qilinganidan keyin besh kun ichida sudga shikoyat qilishi mumkin. Ilgari bu kabi shikoyatlar sudlar bilan bir qatorda yuqori turuvchi saylov komissiyalariga ham berilishi mumkin edi.
Amaldagi Saylov kodeksida okrug saylov komissiyasiga bir qator muhim vazifalar yuklatilganligi, shuningdek, uning a`zolari 6-8 a`zodan iborat tarkibda tuzilishi belgilangan edi. A`zolar sonining kamligi mazkur ko`lami keng vazifalarning ijrosini samarali tarzda ta`minlashga g`ov bo`lishi mumkin edi. Shuning uchun Qonun bilan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o`tkazish bo`yicha okrug saylov komissiyasi 8–18 nafar a`zodan iborat tarkibda tuzilishi belgilandi.
Shu bilan birga, saylovga nomzodi qo`yilgan har bir shaxs saylovchilar bilan uchrashuvlar o`tkazishda, saylovoldi targ`ibot tadbirlarini tashkil etishda byurokratik to`siqlarga uchrashi ortidan saylovchilarning nomzodlar faoliyatidan bexabar bo`lishiga olib keladi. Bu kabi to`siqlarni bartaraf etish maqsadida, Qonun bilan Saylov kodeksiga qo`shimcha kiritildi. Unga muvofiq, saylovchilar bilan uchrashuvlar kabi ommaviy tadbirlar ularning o`tkazilish joyi va vaqti haqida tegishli tuman (shahar) hokimliklari kamida 3 kun oldin yozma ravishda xabardor qilingan holda o`tkaziladi. Bunda ushbu ommaviy tadbirlarni o`tkazish uchun ruxsatnoma talab qilinmaydi.
Bundan tashqari, endilikda saylov byulleteniga nomzodning egallab turgan lavozimi (mashg`ulotining turi), ish joyi kiritilmaydi, shuningdek, saylovda siyosiy partiya yoki nomzodlarni qo`llab-quvvatlab imzo qo`yishda fuqarolar pasporti yoki identifikasiya ID-kartasining seriyasi va tartib raqamini ko`rsatishi mumkinligi belgilandi.
Xulosa qilib aytganda, mazkur Qonunning qabul qilinishi O`zbekistonning milliy saylov qonunchiligi yanada takomillashtirilishiga, saylov jarayonlarining shaffof, ochiq va oshkora o`tkazilishiga zamin yaratadi.
Lobar ROZIMOVA,
“Adolat” milliy huquqiy axborot
markazi mas`ul xodimi






