O`zbekistonlik 14 yoshli opera kuychisi Madina Saidazimova Rossiyaning «Golos.Deti-3» teleloyihasida o`z chiqishi bilan e`tiroflarga sazovor bo`ldi.
Madina Saidazimova italiyalik bastakor Jakomo Puchchinining «Janni Skikki» operasidan «O mio babbino caro» ariyasini kuyladi, deya xabar beradi Uz24 nashri. Ijro davomida har uchala hakam — Leonid Agutin, Pelageya va Dima Bilan Madinani keyingi bosqichga o`tish uchun munosib deb topishdi va uning ovoz imkoniyatlarini yuqori baholashdi.
Madina tanlovni Pelageya jamoasida davom ettirishga qaror qildi.
Ma`lumot uchun, Madina Saidazimova «Novaya volna-2012» xalqaro tanlovi ishtirokchisi hisoblanadi.
Ta`kidlash lozimki, o`zbekistonlik yosh iste`dod egalari «Golos.Deti» loyihasida muvaffaqiyatli qatnashib kelmoqda. 2015 yilda loyihaning ikkinchi mavsumida Toshkent vakilasi Sabina Mustaeva g`oliblikni qo`lga kiritgan bo`lsa, undan oldingi mavsumda Shuhrat Turdixo`jaev o`z chiqishi bilan ko`p sonli tomoshabinlar olqishiga sazovor bo`lgan edi.