O`zbekiston sog`liqni saqlash vaziri Abduhakim Hojiboev boshchiligidagi O`zbekiston delegasiyasining Janubiy Koreyaga to`rt kunlik tashrifining asosiy maqsadi Janubiy Koreyaning saraton kasalligini davolashga ixtisoslashgan shifoxonalarni qurish bo`yicha tajriba va texnologiyalarini o`rganish, ushbu mamlakatning saratonni davolash sohasidagi etakchi tibbiyot muassasalari bilan uzoq muddatli hamkorlikni yo`lga qo`yish, shuningdek, sog`liqni saqlash sohasida hukumatlararo hamkorlikning ustuvor yo`nalishlarini aniqlashdan iborat bo`ldi.
Sog`liqni saqlash vaziri A.Hojiboev amaliy tashrif davomida hamkasbi - Koreya Respublikasi sog`liqni saqlash vaziri Kvon Dok Chol bilan muzokaralar o`tkazdi. Ushbu uchrashuv natijalari tomonlarning amaliy hamkorlikni yanada mustahkamlashga bo`lgan qiziqishini, shuningdek, Janubiy Koreyaning O`zbekistonga sog`liqni saqlash sohasini rivojlantirishda faol yordam ko`rsatishni davom ettirishga tayyorligini ko`rsatdi.
O`zbekiston delegasiyasi, shuningdek, mamlakatning saratonni davolash sohasidagi etakchi tibbiyot muassasalari – Koreya Respublikasi milliy saraton markazi, Seul milliy universitetining Bundang shifoxonasi, «Chxonnam» davlat universiteti huzuridagi Xvasun shifoxonasiga tashrif buyurdi, «Osong» tibbiy innovasion jamg`armasida «Osong Bio-Valley» farmasevtika klasteri faoliyatini o`rgandi.
Ikki tomonlama amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish va rag`batlantirish maqsadida O`zbekiston sog`liqni saqlash vazirligi va «Chxonnam» davlat universiteti qoshidagi tibbiyot markazi o`rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Bundan tashqari, Janubiy Koreyadagi etakchi loyihalash va qurilish tashkilotlari rahbarlari bilan uchrashuvlar o`tkazilib, ular bilan ixtisoslashtirilgan saraton shifoxonalari va markazlarini qurish masalalari muhokama qilindi.
Delegasiya a`zolari Janubiy Koreya farmasevtika kompaniyalari vakillari bilan O`zbekistonda saraton kasalligini davolash uchun zarur dorilarni ishlab chiqarishni yo`lga qo`yish imkoniyatini ham o`rgandi.






