SSV Matbuot xizmatining ushbu savoliga akademik Yo.X.To`raqulov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori vazifasini bajaruvchi Feruza Haydarova javob berdi.
— Zamonaviy tibbiyot muvaffaqiyatlariga qaramay, bugungi kunda endokrin kasalliklar dunyoning aksariyat mamlakatlari, shu qatorda O`zbekiston uchun ham dolzarb masalaga aylanib bormoqda.
Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti bergan ma`lumotlarga ko`ra, hozirda dunyo bo`yicha 665 milliondan ortiq odam endemik bo`qoq va qalqonsimon bezning boshqa kasalliklaridan aziyat chekmoqda. 1,5 milliard inson esa yod tanqisligi kasalliklari rivojlanish xavfiga ega.
Tahlillar shuni ko`rsatmoqdaki, dunyoda qalqonsimon bez kasalliklarining ko`payishi yiliga 5 foizni tashkil qilmoqda.
Shuningdek, rivojlangan davlatlarda har 10-15 yilda qandli diabet bilan kasallangan bemorlar soni ikki barobar oshib bormoqda. Ushbu muammoning dolzarbligini hisobga olgan holda Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti qandli diabetni XXI asr epidemiyasi deb e`lon qilgan.
Bugungi kunda qalqonsimon bez kasalliklari, jumladan, diffuz bo`qoq va qandli diabet mamlakatimizda eng ko`p uchrayotgan endokrin kasalliklar sirasiga kiradi.
2020 yil 1 yanvar holatiga ko`ra, yurtimizdagi endokrin kasalliklar tarkibidagi tarqalish bo`yicha:
– qalqonsimon bez kasalliklari 44,2 foiz;
– qandli diabet 41,6 foiz;
– semizlik 7,5 foiz;
– va boshqa endokrin kasalliklar 6,7 foizni tashkil qildi.
Yurtimizda qalqonsimon bez kasalliklarining tarqalishi 2017 yil bilan taqqoslanganda 2 foizga oshdi. Bu ko`rsatkich o`sishi barcha viloyatlarda kuzatilib, ayniqsa, Qoraqalpog`iston Respublikasi, Andijon, Toshkent viloyatlari hamda Toshkent shahrida yuqori bo`ldi.
Shuningdek, bugungi kunda O`zbekistonda qandli diabet bilan xastalangan bemorlar soni 270 ming nafardan oshgan bo`lib, ayniqsa, bu kasallikning eng ko`p tarqalish ko`rsatkichi Xorazm, Qashqadaryo, Buxoro, Sirdaryo va Samarqand viloyatlarida kuzatildi.
Shu o`rinda aytish lozimki, qandli diabetning 2 turi rivojlanishi uchun tashqi xavf omillari orasida semizlik eng muhim omil hisoblanadi.






