“Samarqand viloyati Payariq tumani IIB xodimi o`z mashinasida odam urib o`ldirganligi yashirilmoqdami?” sarlavhasi ostida e`lon qilingan videolavha yuzasidan Samarqand viloyati IIB Axborot xizmati izoh berdi.
Ma`lum bo`lishicha, 2021 yil 31 mart kuni soat 21:20 larda Payariq tumani “Emalach” qishlog`ida yashovchi fuqaro Z.S., turmush o`rtog`i (Ishtixon tumani IIB xodimi) X.S. ning nomida bo`lgan “Matiz” rusumli avtomashinani Payariq tumanining "Javsharota" mahallasi hududidan o`tuvchi avtomobil yo`lida boshqarib kelib, shu yo`lda ketayotgan D.J. ni urib yuborib, hodisa joyidan qochib ketgan.
Ko`rsatilgan muolajalarga qaramay D.J. olgan tan jarohatlari oqibatida vafot etgan.
Mazkur holat yuzasidan Payariq tuman IIB huzuridagi Tergov bo`limi tomonidan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismi (odam o`lishiga sabab bo`lsa) bilan jinoyat ishi ko`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.