Kecha, 6 iyun kuni Toshkent va Samarqand shahrida “Koxlear implantlarga ega bolalarni psixologik-pedagogik qo`llab-quvvatlash” mavzuida xalqaro o`quv-uslubiy seminar bo`lib o`tdi. Bu haqda Sog`liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati ma`lum qildi.
Tadbir Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Samarqand davlat tibbiyot instituti hamda “Medel” Avstriya kompaniyasi tomonidan tashkil etilib, unda respublikamizning turli viloyatlaridan 200 nafardan ortiq surdopedagog, logoped, reabilitolog hamda Rossiya, Qozog`iston va Belorusdan taklif etilgan mutaxassislar onlayn va oflayn tarzda ishtirok etdi.
Aytish lozimki, mazkur xalqaro seminarni o`tkazishdan ko`zlangan asosiy maqsad – eshitishda nuqsoni bor bolalar muammolari bo`yicha erishilgan natijalarni muhokama qilish, reabilitasiya sifatini yaxshilash maqsadida yangi surdo-pedagogik ishlanmalarni amaliyotga keng tatbiq etish, ilmiy ishlar samaradorligini yanada oshirish hamda o`zaro tajriba almashishdan iborat.
Dastlab seminarda O`zbekistonda birinchi bor psixologiya fanlari doktori Inna Koroleva ma`ruza qildi. U o`z ma`ruzasi orqali kar bolalar bilan ko`p yillik ish tajribasi, koxlear implantasiya operasiyasidan keyingi bemorlarning nutqini rivojlantirish uslublari haqida so`z yuritdi. Shu bilan bir qatorda belaruslik mutaxassis Svetlana Burnos qo`shiq kuylash orqali bemor bolalarda nutqni rivojlantirish usuli haqida taqdimot qildi. Yakuniy ma`ruza orqali esa o`zbekistonlik mutaxassislar yurtimizdagi bolalar reabilitasiyasi tajribalari bilan o`rtoqlashdi.
Ma`lumot o`rnida aytish lozimki, so`nggi yillarda yurtimizda eshitishda nuqsoni bor va kar bolalarda koxlear implantasiya operasiyalari muntazam ravishda o`tkazib kelinmoqda. Birgina 2016 yilda “Neyrosensor kar yoki zaif eshitadigan bolalarda koxlear implantatlardan foydalangan holda operasiyalar o`tkazish” bo`yicha 150 nafar bola qamrab olingan bo`lsa, 2018 yilda 239 nafar, 2019 yil 320 nafar, 2020 yilda esa 225 nafar zaif eshituvchi bemor bolalarda jarrohlik operasiyalari amalga oshirilib, o`tgan davr mobaynida bu raqam 1000 nafardan oshdi. Ayniqsa, so`nggi yillarda respublikamizda koxlear implantasiya dasturini moliyalashtirish ko`rsatkichlari yanada ortgani quvonarli, albatta.
Ta`kidlanishicha, bolada nutqni rivojlantirish davri bo`lmish operasiyadan keyingi muddatning ahamiyati juda muhim. Ya`ni bu paytda surdopedagoglar bemorlarning ota-onalari bilan birgalikda har kuni shug`ullanish, to`g`ri yondashuvni tashkil qilishi kerak. Erta o`tkazilgan tashxislash, jarrohlik amaliyoti va to`g`ri reabilitasiya jarayonlari natijasida bola umumta`lim maktablariga to`laqonli qatnashi va tengdoshlaridan farq qilmasligi mumkin.
Mutaxassislarning fikricha, ayni kasallik bilan og`rigan bemorlardan “eshityapman, gapiryapman, yashayapman”, degan so`zlarni eshitish eng katta natijadir.






