Avval xabar qilganimizdek, “Er munosabatlarida tenglik va shaffoflikni ta`minlash, erga bo`lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Prezident farmoni qabul qilindi.
Farmonga ko`ra, 2021 yil 1 avgustdan hokimliklarning erga oid quyidagi vakolatlari bekor qilinadi:
- erni to`g`ridan-to`g`ri ajratish, foydalanishga berish, zaxiralash, biriktirish, obodonlashtirish uchun berish yoki erlarni boshqacha yo`l bilan tasarruf qilish;
- tuman va shahar hokimliklari tomonidan erga bo`lgan huquqlarni belgilash, e`tirof etish, o`zgartirish, bekor qilish;
- sug`oriladigan erlarni sug`orilmaydigan erlar toifasiga yoki boshqa er toifasiga, sug`orilmaydigan qishloq xo`jaligi erlarini boshqa er toifasiga o`tkazish;
- jamoa bog`dorchiligi, uzumchiligi va polizchiligi hamda yordamchi qishloq xo`jaligini yuritish uchun er berish;
- xususiylashtiriladigan erga nisbatan investisiya majburiyatlari yoki xususiy mulkni erkin tasarruf etishni cheklaydigan boshqa majburiyatlarni belgilash.
Farmon bilan prokuratura organlari ishchi organligida Er to`g`risidagi qonun buzilishi holatlarini barvaqt aniqlash va ularning oldini olishga qaratilgan faoliyatni muvofiqlashtirish bo`yicha Respublika kengashi va joylarda hududiy kengashlar tashkil etildi.
Kadastr organlari erdan maqsadsiz foydalanishni aniqlaganda ushbu erga bo`lgan huquqni bekor qilish, noqonuniy qurilgan imoratlarni bartaraf etish yuzasidan to`g`ridan-to`g`ri sudga murojaat qilishi mumkin.
Davlat hokimiyati organlari tomonidan er uchastkalarini to`g`ridan-to`g`ri ajratish yoki boshqacha tarzda imtiyoz va istisnolar belgilash tashabbusi bilan chiqish taqiqlanadi.






