AsosiyJamiyat

Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta`lim dasturini amalga oshirish bo`yicha Milliy komissiya tuzildi

'Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta`lim dasturini amalga oshirish bo`yicha Milliy komissiya tuzildi'ning rasmi

Inson huquqlari sohasidagi ta`lim barchaning inson huquqlariga nisbatan hurmatini rag`batlantirish va unga har tomonlama rioya etilishini ta`minlashda fundamental ahamiyat kasb etadi. U demokratik jamiyat qurish maqsadida huquqlar, erkinliklarni anglab etish va ulardan faol foydalanish, majburiyatlarga amal qilishni nazarda tutuvchi inson huquqlari madaniyatini yuksaltirishga xizmat qiladi.

Bundan tashqari inson huquqlari sohasidagi ta`lim insonlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va ekologik jabhalarda, umuman, o`z hayotiga daxldor bo`lgan qarorlarni qabul qilishning barcha jarayonlarida to`laqonli ishtirokini ta`minlash, shuningdek huquqbuzarliklar, zo`ravonlik va nizolarning oldini olishda muhimdir.

BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2004 yil 10 dekabrda barcha sektorlarda inson huquqlari sohasidagi ta`lim dasturlarini amalga oshirishga ko`maklashish maqsadida Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta`lim dasturi e`lon qilingandi. 2011 yil dekabrida esa BMTning Inson huquqlari sohasidagi ta`lim va tayyorgarlik to`g`risidagi deklarasiyasi qabul qilindi. 

Ma`lumki,Inson huquqlari sohasidagiJahon ta`lim dasturi BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2004 yilda e`lon qilingan. Hozirgi vaqtgacha ushbu Dasturning quyidagi uchta bosqichi amalga oshirildi:

birinchi bosqich: 2005-2009 yillar – maktablarda inson huquqlari sohasidagi ta`lim jarayonlarini qamradi;

ikkinchi bosqich: 2010-2014 yillar – oliy ta`lim tizimi, shuningdek o`qituvchi-murabbiylar va davlat xizmatchilari uchun inson huquqlari sohasidagi ta`limga bag`ishlandi;

uchinchi bosqich: 2015-2019 yillar – ommaviy axborot vositalari vakillariga inson huquqlari sohasida ta`lim berildi.

O`z navbatida, 2020-2024 yillarda Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta`lim dasturining to`rtinchi bosqichi amalga oshirilmoqda. Yangi bosqich inson huquqlari sohasida ta`lim berish orqali yoshlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan. 

Keyingi yillarda O`zbekistonda inson huquqlari sohasida, shu jumladan bu yo`nalishdagi ta`limni takomillashtirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirildi. Inson huquqlari sohasidagi ta`lim O`zbekiston Respublikasida inson huquqlari madaniyatini shakllantirishga oid davlat siyosatining ustuvor yo`nalishlaridan biridir.

Oliy Majlis tomonidan 2019 yilda BMTning Inson huquqlari sohasidagi ta`lim va tayyorgarlik to`g`risidagi deklarasiyasi qoidalarini amalga oshirish bo`yicha Milliy harakatlar dasturi qabul qilingan. O`zbekiston Prezidentining 2020 yil 22 iyundagi Farmoni bilan Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi tasdiqlandi. Milliy strategiyaijrosi doirasida oliy o`quv yurtlari uchun inson huquqlari bo`yicha o`quv kurslari joriy etish vazifasi belgilab berilgan.

2020 yil avgustida BMT shafeligida yoshlar huquqlariga bag`ishlangan Samarqand xalqaro forumi muvaffaqiyatli o`tkazildi. O`zbekiston Prezidenti BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasida ilgari surgan BMTning Yoshlar huquqlari to`g`risidagi konvensiyasini qabul qilish tashabbusi xalqaro hamjamiyat tomonidan keng qo`llab-quvvatlandi.

Inson huquqlari sohasida erishgan shu kabi izchil natijalari tufayli O`zbekiston 2021-2023 yillarga BMT Inson huquqlari bo`yicha kengashi a`zoligiga saylandi.

Barcha uchun universal bo`lgan huquqni himoya qilish normalari va tamoyillari, inson huquqlari va asosiy erkinliklarini himoya qilishning xalqaro kafolatlari to`g`risidagi xabardorlikni, shuningdek ushbu yo`nalishdagi ishlar samaradorligini yanada oshirish maqsadida O`zbekiston Prezidentining 2021 yil 7 iyundagi Farmoyishiga muvofiq, O`zbekiston Respublikasida inson huquqlari sohasidagi Jahon ta`lim dasturining to`rtinchi bosqichini amalga oshirish bo`yicha Milliy komissiya tashkil etildi.

Milliy komissiyaga O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o`rinbosari, Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov rahbar etib tayinlandi. Komissiya a`zolari safida Oliy Majlis Senati, Tashqi ishlar, Adliya, Oliy va o`rta maxsus ta`lim, Xalq ta`limi, Mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash vazirliklari, Yoshlar ishlari agentligi, Ombudsman, Kasaba uyushmalari Federasiyasi kengashi, NNT va OAV vakillari, shuningdek hududlardagi rahbarlar bor.

Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta`lim dasturini ishlab chiqish vazifasi ham belgilab berilgan. Uni tayyorlashda xalqaro shartnomalar normalari va andozalariga, BMTning inson huquqlari sohasiga mas`ul tuzilmalari tavsiyalariga, shuningdek jamiyatimizning tarixiy, milliy va madaniy qadriyatlariga tayaniladi.

Inson huquqlari bo`yicha 

O`zbekiston Respublikasi 

Milliy markazining

Matbuot xizmati 

    Boshqa yangiliklar