AsosiyJamiyat

"Mahsulot byudjetdan tashqari mablag`lar hisobidan xarid qilinadi". Mudofaa vazirligi tilla qoplamali 2 dona ruchka sotib olayotganiga izoh berdi

'"Mahsulot byudjetdan tashqari mablag`lar hisobidan xarid qilinadi". Mudofaa vazirligi tilla qoplamali 2 dona ruchka sotib olayotganiga izoh berdi'ning rasmi

Sal avval Mudofaa vazirligi tomonidan ikki dona premium-klassdagi tilla qoplamali ruchka xarid qilish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgan edi.  

Keng muhokamalarga sabab bo`layotan ushbu holat yuzasidan Mudofaa vazirligi rasmiy munosabat bildirdi.

"Albatta, fuqarolarimizning soliq to`lovchi pozisiyasidan turib bildirayotgan bu kabi fikrlarini hurmat qilamiz va bunga e`tiborsiz emasmiz.

Ma`lumki, keyingi yillarda O`zbekiston Respublikasi va xorijiy davlatlar o`rtasida harbiy va harbiy-texnik sohalardagi hamkorlik rivojlanib, aloqalar tobora kengayib bormoqda. O`z o`rnida, ushbu hamkorlik asosini mustahkamlash borasida bir qator me`yoriy-huquqiy hujjatlar imzolanyapti.

Ayni paytda O`zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi va xorijiy davlatlar mudofaa idoralari bilan o`zaro hamkorlik bitimlari haqidagi muhim hujjatlarni imzolash rasmiy tadbirlarida foydalanib kelingan kanselyariya jihozlarini yangilashga ehtiyoj paydo bo`lgan va ularning foydalanish muddati yakuniga etmoqda.

Shu bois kelgusida O`zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi rahbariyati ishtirokidagi xorijlik hamkorlar bilan amalga oshiriladigan protokol tadbirlarini yuqori saviyada tashkillashtirish va Mudofaa vazirligi nufuzini saqlash maqsadida istiqbolda xalqaro miqyosdagi taniqli firmalarning kanselyariya ashyolaridan foydalanish rejalashtirilgan. Ya`ni xalqaro tadbirlarda O`zbekiston Respublikasi rasmiy vakillari tomonidan foydalanish uchun qo`llaniladigan ashyolar xalqaro nufuzga loyiq darajada bo`lishi shart, deya hisoblanadi.

Shu maqsadda mazkur turdagi mahsulotlarni etkazib beruvchi mahalliy tadbirkorlarning takliflarini o`rganish uchun vazirlik ishlar boshqarmasi tomonidan O`zbekiston Respublikasi Tovar xom-ashyo birjasining maxsus axborot portali exarid.uzex.uz saytiga ruchka xarid qilinishi haqidagi e`lon joylashtirildi.

Shuni alohida ta`kidlash joizki, e`londa ko`rsatilgan narx yakuniy to`xtam emas, balki bozor qoidalariga ko`ra tadbirkorlik va mahsulot etkazib berish bilan shug`ullanadigan korxona va tashkilotlarning mahsulot va narxlar bo`yicha barcha takliflari o`rganiladi, tanlov asosida yakuniy xulosaga kelinadi. Xuddi shunday talablarga javob bera oladigan boshqa firmalarga tegishli mahsulotlar taklifi ham o`rganib chiqiladi. 

Ijtimoiy tarmoq faollari va davlatimiz byudjeti sarfiga befarq bo`lmagan barcha yurtdoshlarimiz bilishini istardikki, ushbu mahsulot vazirlikning byudjetdan tashqari mablag`lari hisobidan xarid qilinishi ko`zda tutilgan.

Qo`shimcha ma`lumot sifatida: bugungi kunda Mudofaa vazirligi tasarrufidagi harbiy qism, muassasa va bo`linmalar qoshida xo`jalik hisobida faoliyat yurituvchi ishlab chiqarish korxonalari hamda yordamchi xo`jaliklar (issiqxona, baliqchilik, asalarichilik, chorvachilik, bog`dorchilik, ekin maydonlari) mavjud bo`lib, ular vazirlikning byudjetdan tashqari mablag`larini shakllantiradigan asosiy manbalar hisoblanadi", - deyilgan Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti tomonidan "darakchi.uz"ga taqdim etilgan munosabatda. 

    Boshqa yangiliklar