Toshkent davlat yuridik universitetida kredit-modul tizimida o`quv jarayonini tashkil etish tartibi to`g`risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Huquqiy axborot ma`lum qildi.
Nizomga muvofiq, Toshkent davlat yuridik universiteti (TDYuU)da Kredit to`plash va ko`chirishning Evropa modeli joriy etiladi.
O`quv yili uchun ta`lim dasturi bir yoki bir nechta modullardan iborat bo`lib, TDYuU kengashi tomonidan tasdiqlanadi.
O`quv yili davomiyligi ham Kengash tomonidan belgilanadi.
Kredit-modul tizimida 1 kredit o`rtacha 25-30 soatlik o`quv yuklamasiga teng. O`quv yuklamasi bakalavriatda – 40-50% auditoriya soati, 50-60% mustaqil ish soatiga, magistraturada – 30-40% auditoriya soati, 60-70% mustaqil ish soatiga bo`linadi.
Kredit soatlari miqdori va o`quv yuklamasi TDYuU saytiga joylashtiriladi.
Talaba bir semestrda 30 kredit, o`quv yilida esa 60 kredit to`plashi lozim.
Bir fanga ajratilgan auditoriya soatining 25 foizini va undan ortiq soatini sababsiz qoldirgan talaba ushbu fandan chetlashtirilib, yakuniy nazoratga kiritilmaydi hamda mazkur fan bo`yicha kreditni o`zlashtirmagan hisoblanadi.
Yakuniy nazoratga kiritilmagan yoki kirmagan, qoniqarsiz baho olgan talaba akademik qarzdor hisoblanadi.
Akademik qarzdor talabalar ta`til vaqtida yoki keyingi semestrlar mobaynida o`zlashtirilmagan kreditlar miqdoriga mos to`lov-kontrakt miqdoridan kelib chiqqan holda to`lov qilganidan keyin o`zlashtirilmagan fanlarni o`z hisobidan qayta o`qishi mumkin.