O`zbekiston matbuoti og`ir judolikka uchradi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining deputati, “O`zbekiston ovozi” – “Golos Uzbekistana” gazetalarining bosh muharriri, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan jurnalist Safar Ostonov shu yil
9 iyun kuni 73 yoshida vafot etdi.
Safar Ostonov 1948 yilda Samarqand viloyatida tug`ildi.
1972 yili Toshkent davlat universiteti (hozirgi O`zbekiston Milliy universiteti)ni jurnalistika mutaxassisligi bo`yicha tamomladi.
Ijodiy faoliyatini 1971 yili hozirgi “Yoshlar ovozi” gazetasida boshlab, turli lavozimlarda ishladi. 1990-1996 yillarda “Sport” va “O`zbekiston futboli” gazetalari bosh muharriri sifatida faoliyat ko`rsatdi.
1996-2002 yillarda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti devonida mas`ul vazifalarda xizmat qilib, ommaviy axborot vositalarining huquqiy, iqtisodiy va ma`naviy poydevorini mustahkamlash, sohani zamon talablari asosida rivojlantirish jarayonlarida faol ishtirok etdi.
Taniqli jurnalist 2002 yildan umrining oxiriga qadar “O`zbekiston ovozi” – “Golos Uzbekistana” gazetalarining bosh muharriri lavozimida samarali mehnat qildi.
S.Ostonov mamlakatimiz mustaqilligini mustahkamlash, keng ko`lamli islohotlarning ma`no-mazmunini jamoatchilikka etkazish, milliy qadriyatlarni targ`ib etish, axborot sohasidagi siyosatni amalga oshirish ishlariga munosib hissa qo`shdi.
2020 yildan buyon O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati sifatida samarali faoliyat yuritib, qonun ijodkorligi sohasida o`zining boy bilim va tajribasini yorqin namoyon etdi. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan so`nggi yillarda olib borilayotgan xalq bilan bevosita muloqot qilish asosida jamiyatimiz hayotini yanada demokratlashtirish va erkinlashtirish, ommaviy axborot vositalarini har tomonlama rivojlantirish borasida ayniqsa jonbozlik ko`rsatdi.
Mahoratli jurnalist Safar Ostonov ijtimoiy hayotdagi ko`plab dolzarb va keskin muammolarni dadil ko`tarib chiqib, ularni xolis va haqqoniy yoritadigan, faol grajdanlik pozisiyasi, vatanparvarligi bilan keng jamoatchilik o`rtasida munosib obro`-e`tibor qozongan o`tkir qalam sohibi edi.
O`zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi hamda Yozuvchilar uyushmasining faol a`zosi sifatida u o`nlab iste`dodli yoshlarga jurnalistika sohasining sir-asrorlarini o`rgatib, ularning salohiyatini yuzaga chiqarish uchun o`zini ayamasdan, beg`araz xizmat qiladigan mehribon va talabchan ustoz sifatida tanilgan edi.
O`zbek matbuotining ko`zga ko`ringan namoyandasi, taniqli jamoat arbobi Safar Ostonovning davlatimiz va xalqimiz oldidagi xizmatlari munosib baholanib, u “O`zbekiston Respublikasida xizmat ko`rsatgan jurnalist” faxriy unvoni bilan taqdirlangan edi.
Iste`dodli publisist, kamtarin va samimiy inson Safar Ostonovning yorqin xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.
O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining
Qonunchilik palatasi






