Toshkent shahrida pullik velosiped qatnovi yo`lga qo`yiladi. Bu haqda Milliy matbuot markazida “Toshshahartransxizmat” AJ tomonidan o`tkazilgan matbuot anjumanidagi ma`lumotlarga asoslanib, UzA xabar qilindi.
Toshkent shahrida velosipedni ommalashtirishdan asosiy maqsad shahar transporti vositasida ekologiyaga etkazilayotgan zararni minimallashtirish, aholini sog`lom turmush tarziga o`rgatishdan iborat.
Matbuot anjumanida shu yil yakuniga qadar shahar yo`lovchi transportida tasarruf etish uchun 20 ta elektrobus xarid qilish ma`lum qilindi. Hozirgi kunda ularni xarid qilish bo`yicha tender tanlovlari hujjatlari ishlab chiqilib, tegishli davlat idoralari bilan kelishilmoqda.
“Toshshahartransxizmat” AJ tarkibidagi avtobus saroylari harakat tarkibini 2021-2023 yillarda yangilash bo`yicha reja-dastur ishlab chiqilmoqda.
– Loyihaning birinchi bosqichida Toshkent shahrining Amir Temur va Ahmad Donish ko`chalarida pilot loyiha sifatida velosipeddan umumfoydalanish “bike sharing” tizimi, 4 ta velosiped stansiyasi barpo etiladi,– deydi “Toshshahartransxizmat” AJ loyihalar, tashqi aloqa va investisiyalarni boshqarish bo`limi boshlig`i Shahboz G`afurov. – 4 ta velosiped stansiyasida jami 40 ta velosiped qatnovi yo`lga qo`yiladi. Aholidan nima uchun aynan shu ko`chalar tanlab olindi, degan savol kelib tushmoqda. Chunki aynan shu yo`llarda velosiped qatnovi uchun maxsus yo`lakchalar ajratilgan. Har bir stansiyada 10 tadan velosiped joylashishi ko`zda tutilgan. Mazkur tizimdan mobil ilova orqali foydalanish ko`zda tutilgan. Bir kishining velosipeddan 30 daqiqa foydalanishi uchun bir yarim ming so`m narx belgilanishi taklif etilmoqda. Loyihada velosipedlar qatnovi Toshkent shahri markaziy ko`chalarida 18 yo`nalishda 660 kilometrni qamrab olishi ko`zda tutilgan. Velosipedlar universal jipslar bilan jihozlangan. Ulardan ham erkaklar, ham ayollar foydalanishi mumkin. Ayollarimizga mo`ljallangan velosipedlarda ro`zg`or xizmatlari uchun maxsus savatchalar o`rnatilgan. Velosipeddan qaerda foydalanayotganingizni kuzatib borish imkoniyati mavjud.
Ayni paytda jamoat transportida raqamlashtirishni keng joriy etish maqsadida bir qator yangi loyihalar ustida ish olib borilmoqda. Bundan asosiy maqsad — yo`lovchilarga sifatli xizmat ko`rsatish va ular xavfsizligini ta`minlashdan iborat.
Bundan tashqari, “Toshkent transporti” mobil ilovasi yo`lga qo`yiladi. Yo`lovchilar uning vositasida shahar jamoat transporti harakat tarkibini real vaqtda kuzatib borish, jamoat bekatlari va transport stansiyalari to`g`risida ma`lumot olish, foydalanuvchiga eng tezkor va foydali yo`nalishni taklif qilish, lokasiya yo`nalishlari hamda harakat tarixini saqlash imkoniyati, real vaqtda QR-kodni generasiya qilgan holda tezkorlik bilan yo`l haqi to`lovini amalga oshirish, “Alomat” xizmati vositasida foydalanuvchilarga ovoz (tovush) yozuvi orqali qidiruv xizmati hamda intellektual maslahatlar berish kabi bir qator qulayliklarga ega bo`lishi haqida ma`lumot berildi.






