AsosiyJamiyat

"O`zbekiston temir yo`llari" poezdlarda kondisionerlar nega ishlamayotgani bo`yicha izoh berdi

'"O`zbekiston temir yo`llari" poezdlarda kondisionerlar nega ishlamayotgani bo`yicha izoh berdi'ning rasmi

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda yo`lovchi tashish vagonlariga kondisionerlar o`rnatish masalasi ko`p muhokama qilinmoqda. Ushbu holat yuzasidan "O`zbekiston temir yo`llari" AJ Axborot xizmati munosabat bildirdi. 

"O`zbekiston temir yo`llari" AJ rahbariyati yurtdoshlarimizdan ushbu masalaga befarq bo`lmaganlari uchun minnatdorchilik bildiradi, shuningdek, yuzaga kelgan noqulayliklar uchun uzr so`raydi.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, yo`lovchi poezdlaridagi kamchiliklarni bartaraf etish bo`yicha komissiya tuzildi. Kecha, 10 iyun kuni “O`zbekiston Temir yo`llari” AJ boshqaruv raisi vazifasini bajaruvchi X.N. Xasilov boshchiligida ishchi komissiya “Toshkent yo`lovchi vagonlarini qurish va ta`mirlash zavodi” AJga tashrif buyurdi.

Tashrif davomida mavjud muammolarni hal qilish uchun quyidagi choralar ko`rildi:

Birinchidan, poezd o`z manziliga ketishidan oldin 40 daqiqalik vaqt oralig`ida manevrlar (lokomotivni yo`lovchi vagonlaridan uzib qo`yish) o`tkazishga qaror qilindi, bu esa o`z navbatida yo`lovchi vagonlarining elektrsiz turish vaqtini kamaytiradi, chunki kondisioner tizimi lokomotivsiz ishlay olmaydi.

Ikkinchidan, "O`ztemiryo`lyo`lovchi" AJ bosh direktori va uning o`rinbosarlariga yo`lovchi poezdlarida tekshiruv safarlarini o`tkazish va vagonlarda kondisioner tizimi ishlashini shaxsan tekshirish topshirildi.

Uchinchidan, yo`nalishlarda yo`lovchilarga o`z vaqtida birinchi tibbiy yordam ko`rsatish maqsadida har bir yo`lovchi vagonlari tarkibiga tibbiyot hodimlarini biriktirish vazifasi qo`yildi. Shuni alohida ta`kidlash kerakki, poezdlarda tibbiyot xodimlari bilan bunday amaliyot boshqa mamlakatlarda qo`llanilmaydi.

Ta`kidlash joizki, vagonlarni rekonstruksiya qilish, shuningdek ularni modernizasiya qilish belgilangan tartibda va tasdiqlangan jadvallarga muvofiq amalga oshirilyapti", - deyiladi jamiyat izohida. 

Bundan tashqari, qayd etilishicha, ikki kun davomida (joriy yilning 5-6 iyun kunlari) ishonch telefoniga 3000 mingdan ortiq qo`ng`iroq kelib tushgan (1005). Shulardan faqat 2 ta qo`ng`iroq poezdning kondisioner tizimidagi muammolar bilan bog`liq bo`lib, 5 ta qo`ng`iroq qo`ng`iroq qiluvchilar tomonidan ishonch telefoni operatori javob berguniga qadar rad etilgan.

 

    Boshqa yangiliklar