“Toshkent davlat yuridik universiteti qoshidagi akademik liseyning bitiruvchilari Toshkent davlat yuridik universitetiga yakka tartibda suhbat o`tkazish orqali o`qishga qabul qilish tartibi to`g`risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyruq Adliya vazirligida davlat ro`yxatidan o`tkazildi (ro`yxat raqami 3308, 09.06.2021 y.). Bu haqda vazirlik xabar bermoqda.
Nizomga ko`ra, TDYuU bakalavriatiga abiturientlar qabul parametrlaridan tashqari TDYuU tomonidan belgilanadigan o`rinlar soniga mos ravishda qabul qilinib, to`lov-kontrakt asosida o`qiydi.
O`qishga qabul qilish suhbat natijalariga ko`ra reyting tizimi bo`yicha to`plangan ballar asosida amalga oshiriladi.
Bunda har yili 10 iyundan kechikmasdan maxsus komissiya tashkil etiladi.
Bitiruvchilar har yili 20 iyundan kechikmasdan maxsus komissiyaga tavsiyanoma berishni so`rab ariza bilan murojaat qiladi.
Maxsus komissiya faqat komissiya tashkil etilgan tegishli o`quv yili bitiruvchilarining arizalarini ko`rib chiqadi (20 iyundan boshlab 5 ish kunidan oshmagan muddatda).
Nizomga ko`ra, har yili 1 iyuldan kechikmasdan suhbat komissiyasi tuzilib, yakka tartibdagi suhbat har yili 10-20 iyul kunlari o`tkaziladi.
Suhbat natijalari reyting tizimi bo`yicha abiturientga qo`yilgan (0 dan 100 gacha oraliqdagi) ballar asosida aniqlanadi.
Suhbat jarayoni va natijalarini qayd etishda video va audioyozuvlardan foydalaniladi.
Natijalar TDYuU rasmiy veb-saytida suhbat o`tkazilgandan so`ng keyingi ish kunida e`lon qilinadi.
TDYuU bakalavriatiga abiturientlarni qabul qilish uchun yakka tartibdagi suhbatni qayta o`tkazishga yo`l qo`yilmaydi.
Akademik lisey tomonidan berilgan tavsiyanoma ikki yil davomida amal qiladi.
Mazkur tartib rasmiy e`lon qilingan kundan e`tiboran kuchga kiradi.






