AsosiyJamiyat

Kattaqo`rg`onda YPX inspektorlari faoliyati jarayonida tuman soliq inspeksiyasi boshlig`ining 1-o`rinbosari vafot etdi

'Kattaqo`rg`onda YPX inspektorlari faoliyati jarayonida tuman soliq inspeksiyasi boshlig`ining 1-o`rinbosari vafot etdi'ning rasmi

Ijtimoiy tarmoqlarda Kattaqo`rg`on tumanida YPX inspektorlarining faoliyati jarayonida tuman Davlat soliq inspeksiyasi boshlig`i 1-o`rinbosari vafot etganligi haqida xabar lar tarqaldi.

Ayni paytda holat yuzasidan IIV rasmiy bayonot berdi. 

Unga ko`ra, joriy yilning 10 iyunida tungi soat 00:50larda Kattaqo`rg`on tumani IIB Yo`l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari tumanning “Kadan” MFY hududidan o`tuvchi 4R-243 avtomobil yo`lining Alisher Navoiy va Mustaqillik ko`chalari kesishmasida jamoat tartibini saqlash bo`yicha tungi xizmat vazifasini bajarayotgan vaqtida, fuqaro A.A. boshqaruvidagi “Kobalt” rusumli avtotransport svetoforning qizil chirog`idan to`xtamasdan o`tib, xodimlarning to`xtash ishorasiga bo`ysunmasdan, avtotransportda yuqori tezlikda harakatlanib yashirinmoqchi bo`lgan.

Hududdagi 4R-243 avtomobil yo`lining 7 kilometriga etganida “Kobalt” yo`l qatnov qismining o`rtasida to`xtab, haydovchi avtotransportni tashlab, piyoda qochishga uringan.  

Huquqbuzar, xodimlar tomonidan ushlanib, o`ta mast holatda bo`lganligi gumon qilinib, tibbiy ko`rikdan o`tish uchun taklif qilganida, fuqaro A.A. ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talablarini bajarmasdan faol qarshilik ko`rsata boshlagan.

Shu vaqt oralig`ida tibbiy ko`rikka olib borish uchun transport vositasiga o`tkazilgan fuqaro A.A.ning sog`lig`i yomonlashib, voqea joyiga tez tibbiy yordam xizmati chaqirtirilgan. Ko`rsatilgan muolajalarga qaramay fuqaro A.A. vafot etgan.

Hodisa sodir bo`lgan joy Ichki ishlar vazirligi O`XB Samarqand viloyati bo`yicha bo`limi ishtirokida tuman prokuraturasi tomonidan ko`zdan kechirilib, hujjatlashtirilgan.

Holat yuzasidan prokuratura organlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda. Tekshiruv yakuni bo`yicha jamoatchilikka to`liq axborot beriladi, deyilgan IIV Axborot xizmati xabarida. 

Shuningdek, holat yuzasidan Bosh prokuratura Matbuot xizmati ham rasmiy bayonot berdi. 

"Kattaqo`rg`on tumani IIB YHXB xodimlarining faoliyati jarayonida tuman Davlat soliq inspeksiyasi boshlig`i 1-o`rinbosarining o`limi yuz bergan. Holat yuzasidan JKning 206-moddasi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.

Ish bo`yicha haqiqatni aniqlashga to`sqinlik qilish holatlarining oldini olish maqsadida boshqa tafsilotlar oshkor qilinmaydi", deyiladi rasmiy xabarda. 

 

 

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar