Hukumat qarori bilan Sholi ekish uchun sotib olingan zamonaviy urug` seyalkalari va ko`chatlab ekish uskunalari qiymatining bir qismini qoplab berish tartibi to`g`risidagi vaqtinchalik nizom tasdiqlandi. Bu haqda Huquqiy axborot ma`lum qildi.
Nizom 2021 yil 31 dekabrga qadar sholi etishtirish uchun zamonaviy urug` seyalkalari hamda ko`chatlab ekish uskunalarini sotib olgan qishloq xo`jaligi ishlab chiqaruvchilariga sotib olingan urug` seyalkalari va ko`chatlab ekish uskunalari qiymatining 20 foizgacha qismini qoplab berish tartibini belgilaydi.
Shunga ko`ra, subsidiyalar faqat talabgor tomonidan sotib olingan kunda ishlab chiqarilganiga bir yildan oshmagan qishloq xo`jaligi texnikasi uchun ajratiladi.
Talabgor subsidiya olish uchun tegishli hujjatlarni tuman (Quvasoy shahri) qishloq xo`jaligi bo`limlariga yozma va elektron shaklda taqdim qiladi.
Tuman (Quvasoy shahri) qishloq xo`jaligi bo`limlari hujjatlarni 3 kun ichida o`rganib chiqadi.
Hujjatlar talablarga muvofiq bo`lsa, 1 ish kunida Qishloq xo`jaligi vazirligiga yuboriladi va ular tomonidan tahlil qilinadi.
Shundan so`ng tahlillar 1 ish kunida Qishloq xo`jaligini davlat tomonidan qo`llab-quvvatlash jamg`armasiga yuboriladi.
Jamg`arma ularni 3 ish kuni ichida o`rganib chiqib, natijasiga ko`ra subsidiyalar ajratiladi.
Talabgor subsidiya olish uchun qayta murojaat qilishi mumkin.






