Ijtimoiy tarmoqlarda Yangiyo`l tumani davlat soliq inspeksiyasi mas`ul xodimlari tomonidan qishloq xo`jaligi korxonalariga aniq dalillarga asoslanmagan holda qo`shimcha soliqlar hisoblanib, xabarnomalar yuborilganligi haqida xabar e`lon qilindi.
Mazkur holatga aniqlik kiritish maqsadida Davlat soliq qo`mitasining ichki xizmat tekshiruvi tayinlanib, tezkorlik bilan xabarda keltirilgan holatlar batafsil o`rganib chiqildi. Bu haqda qo`mita Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ma`lum bo`lishicha, Yangiyo`l tumani DSIda soliq to`lovchi sifatida ro`yxatdan o`tgan qishloq xo`jaligiga mo`ljallangan korxonalar tomonidan taqdim etilgan soliq hisobotlari tahlil qilinishi natijasida 570 ta korxonada jami 113,9 mlrd. so`m soliq hisoblanmasdan qolganligi aniqlangan.
Soliq organlari soliq munosabatlari doirasida soliq to`lovchilar bilan soliq to`g`risidagi qonun hujjatlarini to`g`ri bajarish maqsadida hamkorlik qilishi shart. Bunda soliq organlari soliq to`lovchilarning qonuniy faoliyatiga assosiz to`siqlar yaratishga haqli emas, soliq to`lovchilar esa soliq organlari o`z vakolatlarini amalga oshirishi uchun shart-sharoitlar yaratishi kerak.
Ushbu talablardan kelib chiqib, soliq organlari soliq to`lovchilarga soliq majburiyatlarini bajarishda ularga ko`makchi sifatida yordam tarzida xabarnoma va eslatmalar yuborishi mumkin.
Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 7 yanvardagi 1-son qarorida hisobotlarda tafovut aniqlanganda soliq organi rahbarining buyrug`i asosida kameral soliq tekshiruvi o`tkazilishi hamda soliq to`lovchidan soliqlarni hisoblab chiqarish uchun asos bo`lgan birlamchi hujjatlar so`rovnoma asosida talab qilib olinishi belgilangan.
Mazkur holatda soliq to`g`risidagi qonun hujjatlarida belgilangan tartib buzilganligi sababli vaziyatga bevosita aloqador bo`lgan Yangiyo`l tumani DSI mansabdor shaxslariga nisbatan qonunchilik talablari asosida choralar ko`rildi.