23-24-iyun kunlari Qo`qon shahrida Turkiy kengash turizm masalalari vazirlarining VI yig`ilishi va Turizm bo`yicha ishchi guruhning XV yig`ilishi bo`lib o`tadi, deya xabar bermoqda Turizm va sport vazirligi Matbuot xizmati.
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2019- va 2020-yillarda Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi sammitlari doirasida ilgari surilgan tashabbuslarini amalga oshirish hamda tashkilot doirasida turizm sohadagi hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash bo`yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Xiva, Buxoro, Samarqand va Toshkent shaharlari Turkiy kengash doirasida amalga oshirilayotgan “Modern silk road” qo`shma turizm marshruti loyihasiga kiritilishi ta`minlandi.
Bugunga qadar mazkur tadbirda Turkiy kengash Bosh kotibi Bag`dat Amreev, Turkiya Respublikasi madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy, Qozog`iston Respublikasi madaniyat va sport ishlari vaziri Aktoti Raimkulova, Qirg`iziston Respublikasi Bosh vazir o`rinbosari - iqtisodiyot va moliya vaziri Akilbek Japarov, Ozarboyjon Respublikasi davlat turizm agentligi raisi Fuad Nagiev o`z ishtirokini tasdiqlagan.
Yig`ilishda Kengashga a`zo davlatlarda turizm sohasining pandemiyadan keyingi tiklanishi, “Tabarruk ziyorat” loyihasini amalga oshirish hamda a`zo davlatlarning yirik shaharlari o`rtasida xalqaro aviareyslarni tiklash kabi muhim masalalar muhokama qilinadi.
Shu bilan birga, xorijiy ishtirokchilar turizm sohasidagi istiqbolli loyihalar, ziyorat turizm imkoniyatlari, Farg`ona viloyatining hunarmandchilik, ekoturizm va gastronomik salohiyati bilan tanishtiriladi.
Ta`kidlash lozimki, Qo`qon shahrida o`tkazilishi rejalashtirilgan yig`ilish O`zbekiston Respublikasining Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga a`zo bo`lganidan keyingi vazirlar darajasidagi birinchi tadbir hisoblanadi.






