Joriy yilning 16 aprel sanasida O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati rasmiy saytida “Aviachiptalar narxining haddan ziyod yuqoriligi yuzasidan Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi raisiga senator so`rovi yuborildi” sarlavhasi bilan xabar keng ommaga e`lon qilingan edi.
Mazkur xabarda yurtimizda aviachiptalar narxlari haddan ziyod qimmatligi va unga nisbatan aholi tomonidan bildirilgan salbiy munosabatlar bo`yicha so`z borgan. Bu holatni keng tahlil etish, aviachiptalar narxlarining qimmatlashiga sabab bo`lgan asosiy omillarni o`rganish maqsadida Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo`mitasi tomonidan O`zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasiga Senator so`rovi yuborilgani aytib o`tilgan.
Senator so`roviga asosan Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi tomonidan “Uzbekistan Airways” aksiyadorlik jamiyatining aviachiptalar va aviatashish xizmatlari holati o`rganildi va bu borada quyidagilar ma`lum qilinadi.
O`rganish natijalariga ko`ra, aviakassalarda “Uzbekistan Airways” aksiyadorlik jamiyati tomonidan mahalliy va xalqaro yo`nalishlarda mavjud barcha tariflar haqidagi ma`lumotlar iste`molchilarga to`liq etkazilmagan.
Shuningdek, “Uzbekistan airways” AJ tomonidan Toshkent-Moskva bir tomonlama yo`nalishda chiptalar “bagajsiz ekonom” sinfida 131 evrodan 211 evrogacha, “ekonom” sinfida 145 evrodan 335 evrogacha, “biznes” sinfida 642 evrodan 862 evrogacha etib belgilangan bo`lsada, aviakompaniya tomonidan arzon narxlardagi aviachiptalar sotuvga chiqarilmagan.
Bundan tashqari, o`rganishlar davomida “Uzbekistan Airways” AJ tomonidan mahalliy yo`nalishlar uchun belgilangan narxlar boshqa davlatlardagi narxlardan qimmatligi, xususan, “Uzbekistan Airways” AJ tomonidan belgilangan narxlar xorijiy aviakompaniyalarning narxlaridan o`rtacha 36 foizdan 148 foizgacha yuqori ekanligi ma`lum bo`ldi.
Shu o`rinda aniq misollarga to`xtaladigan bo`lsak, Toshkent-Urganch (uchish vaqti 1 soat 15 minut) yo`nalish bo`yicha “bagajsiz ekonom” sinfidagi chipta narxi o`rtacha 41 evro etib belgilangan. Huddi shu xizmat Rossiya Federasiyasida (Sankt-Peterburg-Moskva – yo`nalishi 1 soat 30 minut) o`rtacha 27 evroni tashkil etadi. Bundan ko`rish mumkinki, “Uzbekistan Airways” AJ tomonidan parvoz uchun belgilangan narx 56 foizga qimmat. “Uzbekistan Airways” AJning ushbu yo`nalish bo`yicha “Ekonom” sinfidagi aviachipta narxi Qozog`iston Respublikasidagi aviakompaniyadagi narxlardan 40 foizga, Turkiyadagi aviakompaniya narxlaridan esa 146 foiz qimmat ekanligi aniqlandi.
Shuningdek, Turkiya davlatidagi ichki yo`nalishlari bo`yicha “ekonom” sinfidagi tariflar O`zbekistonda qo`llanilayotgan ichki “bagajsiz ekonom” tariflaridan o`rtacha 42 foizga arzon ekanligi aniqlandi.
Bu kabi aviatashish xizmatlari bozorida qimmat narxlarni ushlab turish sabablaridan biri raqobat muhiti rivojlanmaganligi deyish mumkin. Chunki, aviakompaniyalar soni qanchalik kam bo`lsa iste`molchilarga bildiriladigan takliflar ko`lami kamayib, iste`molchilarda aviachiptalarga bo`lgan talab (ehtiyoj) ortadi. Tabiiyki buning natijasida erkin raqobat muhiti buzilishiga olib keladi. Bu esa bozor iqtisodiyotidagi talab va taklif qonuniyatini buzadi.
Misol sifatida ,Toshkent – Olmaota yo`nalishi bo`yicha haftasiga 7 marta muntazam reyslar mavjudligiga qaramay faqat 2 ta aviatashuvchi (“Uzbekistan Airways” va “Air Astana”), Toshkent – Moskva yo`nalishida ham 2 ta aviakompaniya (“Uzbekistan Airways” va “Aeroflot”) to`g`ridan – to`g`ir parvozlarni amalga oshirishini aytib o`tishimiz mumkin.
Shuningdek, mazkur yo`nalishlarda raqobatning rivojlanmaganligi, aviatashuvchi kompaniyalar o`rtasida kelishib qilinadigan harakatlarni sodir etishga zamin yaratadi.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi yuqoridagi muammolarni bartaraf etish va kelgusida fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida O`zbekiston Respublikasi Transport vazirligiga bir qator takliflar yubordi. Bildirilgan takliflarning ijro etilishi Senatning Mudofaa va xavfsizlik qo`mitasi tomonidan nazoratga olindi.