Xabar berganimizdek, “Qamrov darajasi past bo`lgan tumanlarda maktabgacha ta`lim tashkilotlari tarmog`ini kengaytirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga ko`ra, 2021 yil 1 iyuldan:
- belgilangan tumanlarda 100 ta davlat-xususiy sheriklik asosidagi nodavlat maktabgacha ta`lim tashkilotlarini tashkil etish uchun 7 yil muddatga 2 yillik imtiyozli davr bilan 5 foizlik stavkada kreditlar ajratiladi;
- olis va chekka hududlarda joylashgan davlat-xususiy sheriklik asosidagi tegishli nodavlat maktabgacha ta`lim tashkilotlariga:
● har bir tarbiyalanuvchi bola uchun davlat maktabgacha ta`lim tashkilotining bir nafar tarbiyalanuvchisi uchun sarflanadigan xarajatlar summasining 75 foizi miqdorida subsidiya to`lanadi;
● “Yoshlar daftari”, “Temir daftar” yoki “Ayollar daftari”ga kiritilgan oilalarning har bir tarbiyalanuvchi farzandlari uchun davlat maktabgacha ta`lim tashkilotining bir nafar tarbiyalanuvchisi uchun sarflanadigan xarajatlar summasining 25 foizi miqdorida subsidiya to`lanadi;
● davlat-xususiy sheriklik asosidagi nodavlat maktabgacha ta`lim tashkilotlariga foydalangan elektr energiyasi va tabiiy gaz xizmatlari narxining 50 foizi miqdorida oylik kompensasiyalar to`lanadi;
● 2018–2019 yillarda nodavlat maktabgacha ta`lim tashkilotlarini tashkil etish uchun avval berilgan kreditlar bo`yicha imtiyozli davr muddati 2022 yil 1 yanvarga qadar uzaytiriladi.






