Toshkent viloyatidagi ta`lim sifati yuqori bo`lmagan maktablarda faoliyat olib borayotgan toifaga ega bo`lmagan oliy va o`rta maxsus ma`lumotli pedagoglarni attestasiyadan o`tkazish nizomi tasdiqlandi. Bu haqda Xalq ta`limi vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Ma`lum bo`lishicha, Toshkent viloyatining jami 891 ta maktabidan 174 tasi (19,5 foiz) ta`lim sifati yuqori bo`lmagan maktablar toifasiga kiradi. Shuningdek, viloyatda jami o`qituvchilar sonida o`rta maxsus ma`lumotli o`qituvchilar ulushi 14,9 foizni tashkil qilsa, respublika kesimida ushbu ko`rsatkich 12,9 foizni tashkil qiladi. Toifaga ega bo`lmagan oliy ma`lumotli o`qituvchilar esa 44,7 foizni tashkil qilgan.
Ta`kidlanishicha, ushbu nizomga asosan attestasiya 2 bosqichda amalga oshiriladi.
Birinchi bosqichda attestasiyadan o`tuvchilarning nazariy bilimlari o`z mutaxassisliklari bo`yicha 40 ta savoldan iborat malaka (test) sinovlari orqali aniqlanadi, har bir to`g`ri bajarilgan test savoli uchun 1,75 ball (maksimal 70 ball) beriladi, test savollari Xalq ta`limi vazirligi va Ta`lim inspeksiyasining mutaxassislari hamda ular shartnoma asosida jalb etgan ekspertlar tomonidan tuziladi.
Ushbu bosqichda umumiy ballning 55 foizi (38,5 ball) va undan yuqori ballni to`plaganlar attestasiyaning ikkinchi bosqichiga o`tgan hisoblanadi, umumiy balning 55 foizi (38,5 ball)ni to`play olmaganlar attestasiyadan o`tmagan hisoblanadi va ikkinchi bosqichga ruxsat etilmaydi.
Ikkinchi bosqichda attestasiya komissiyalari tomonidan ta`lim tizimidagi islohotlar, pedagog xodimlarning faoliyati samaradorligi, kasbiy kompetentlik bo`yicha 5 ta savoldan iborat savollarga javob berishlari kerak bo`ladi. Shu bilan birga, mazkur bosqich uchun har bir savolga 6 balldan umumiy 30 ball beriladi, umumiy ballning 55 foizi (16,5 ball) va undan yuqori ball to`plaganlar attestasiyaning ikkinchi bosqichidan o`tgan hisoblanadi.
Shuningdek, savollar respublika ta`lim markazining mutaxassislari hamda ular shartnoma asosida jalb etgan ekspertlar tomonidan tuzilib, bilet attestasiyadan o`tuvchi tomonidan ko`p variantlilik asosida tuzilgan biletlar orasidan tanlab olish yo`li bilan aniqlanishi aytilgan.