AsosiyJamiyat

FVV suvda cho`kib ketishning oldini olish uchun foydali maslahatlar berdi

'FVV suvda cho`kib ketishning oldini olish uchun foydali maslahatlar berdi'ning rasmi

Favqulodda vaziyatlar vazirligi suvda cho`kib ketishning oldini olish borasida qator maslahatlar berdi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar berdi.

Ma`lum qilinishicha, cho`kish bilan bog`liq hodisalarning yuz bermasligi uchun, birinchi navbatda, ob-havo quyoshli va shamol bo`lmagan paytda, havo harorati 30–38 darajadan kam bo`lmagan sharoitda cho`milish tavsiya etiladi. Qorin och bo`lganda, charchaganda, chanqaganda, yaqinda bemorlikdan turganda, spirtli ichimlik iste`mol qilinganda, yolg`iz bo`lganda va oftob urish hollarida cho`milish maqsadga muvofiq emas. Shuningdek, taqiqlangan joylarda cho`milish, kater va qayiqlarga yaqin suzib borish, yosh bolalarni suvda qarovsiz qoldirish, chegaralangan belgilardan tashqariga chiqish, ko`prik, damba va kemalardan suvga sakrash, notanish joylarga sho`ng`ish taqiqlanadi.

Qayiqda sayr qilayotganda bir qator jihatlarga e`tibor qaratish kerak. Egasiz va texnik nosoz qayiqlardan foydalanish, sayrga shamol va yomg`irli ob-havoda yoki qutqaruv va suv chiqarish moslamalarisiz chiqish, qayiqqa ruxsat etilgandan ortiqcha odam va yuk olish, suzish vaqtida bir qayiqdan ikkinchi qayiqqa o`tish, qorong`i tushganda suzish moslamalaridan foydalanish noxush holatlarga sabab bo`lishi mumkinligini unutmaslik zarur.

Xususan,

- Suvda cho`kayotgan odamni qutqarish uchun qutqaruv anjomlari va qayiqlardan foydalaniladi. Ular bo`lmaganda esa cho`kayotgan odamni qutqarishda xavfsizlik choralarini bilish talab etiladi.

- Agar cho`kayotgan odam hushini yo`qotgan bo`lsa, uni suvdan olib chiqish ancha qulay bo`ladi. Lekin hushini yo`qotmagan odamni qutqarish qutqaruvchiga ham katta xavf tug`diradi. Chunki cho`kayotgan odam sarosima va vahimaga tushgan holda qutqaruvchiga qattiq yopishishi, uni ham suv ostiga tortib ketishi mumkin. Shuning uchun cho`kayotgan odamning changalidan chiqish va buksirovka qilish usullarini ham o`rganishi lozim.

- O`lim holati faqatgina suvda emas, balki jabrlanuvchi suvdan olib chiqilgandan so`ng ham kuzatilishi mumkin. Jonlantirish tadbirlarining ijobiy natijasi ularning to`g`ri va o`z vaqtida ko`rsatilishiga bog`liq.

- Ushbu tadbirlarni qirg`oqqa olib chiqilgandan keyin emas, jabrlanuvchini suvda buksirovka qilgan paytdanoq boshlash lozim. Chunki ushbu paytda amalga oshirilgan bir necha sun`iy nafas oldirish ham jabrlanuvchi sog`lig`i tiklanishini tezlashtiradi. Jabrlanuvchiga mukammal birinchi tibbiy yordam ko`rsatish qirg`oqqa olib chiqilgandan keyin amalga oshiriladi.

- Agar jabrlanuvchi hushidan ketmagan bo`lsa, zudlik bilan uning ho`l kiyimlarini echish, tanani turli narsalardan tozalash, birorta issiq ichimlik ichirish, valerian nastoykasini berish tavsiya etiladi.

- Agar jabrlanuvchi hushini yo`qotgan, lekin nafas olish va yurak urishi to`xtamagan bo`lsa, darhol uning kiyimlarini echib, nashatir spirti hidlatiladi. Yurak urishi va nafas olish to`xtagan bo`lsa, bir vaqtning o`zida sun`iy nafas oldirib, yurak massaj qilinadi.

- Agar jabrlanuvchi tutqanoq (tirishish) holatida bo`lsa, ularni ochish maxsus usul yordamida amalga oshiriladi: ikkala qo`lning to`rtta barmog`ini pastki jag`dan tiragan holda, bosh barmoqlar bilan og`iz ochiladi. Jag`larni qayta yopilib qolmasligi uchun tishlar orasiga biror narsa (rezina bo`lagi, tugilgan ro`molcha, bint va shunga o`xshash narsalar) qo`yiladi, mabodo protez tishlar bo`lsa, og`izdan olib qo`yiladi. Barmoqlar yordamida toza doka yoki ro`molcha bilan og`iz va burun bo`shliqlari yot narsalardan tozalanadi. So`ngra jabrlanuvchining boshini yuqoriga ko`targan holda til tortib olinadi. Og`iz bo`shlig`i va yuqori nafas yo`llarini tozalash nafas yo`llaridan suvni chiqarish bilan bir vaqtda amalga oshirilishi mumkin.

- Tanadan suvni chiqarish uchun jabrlanuvchi qorni bilan tizzaga yotqiziladi (yordam ko`rsatuvchi bitta tizzasida o`tirgan holda) va kuraklar bir necha marta bosiladi. Bunda jabrlanuvchining boshi ko`krak qafasidan pastda bo`lishi kerak.

- Og`iz bo`shlig`i tozalanib, suvning asosiy qismi tanadan chiqarib tashlangandan keyin sun`iy nafas oldirishga kirishiladi. Sun`iy nafas oldirishning oddiy usulari — «og`izdan og`izga» va «og`izdan burunga» hisoblanadi. Sun`iy nafas bilan bir vaqtda yurak massaji ham amalga oshiriladi. Bu paytda jabrlanuvchi, albatta, qattiq erda yuqoriga qarab yotqizilishi kerak.

- Yurak massaji 4–5 marta sun`iy nafas berilgandan keyin amalga oshiriladi. Massaj qat`iy rejimda bir daqiqada 50–60 marta bosish bilan bajariladi.

- Yurak massaji bilan sun`iy nafas oldirishning nisbati 4:1 yoki 6:1 bo`lishi kerak. Nafas oldirish bilan yurak massaji bir vaqtda amalga oshirilmaydi. Nafas chiqarish paytidagina ko`krak qafasi 4–6 marta bosiladi.

- Ikki kishi tomonidan yordam ko`rsatishda birinchi odam sun`iy nafas beradi, ikkinchisi esa bevosita yurak massaji bilan shug`ullanadi. Bu tadbirlar jabrlanuvchi o`zi nafas olgunga va hushiga kelgunga qadar davom ettiriladi.

Birinchi tibbiy yordam ko`rsatilgandan keyin (jabrlanuvchi o`zi nafas olib hushiga kelgandan keyin) darhol ho`l kiyimlarni echib, tanani isitish lozim. Buning uchun issiq qum, grelka, issiq suv quyilgan butilka va shunga o`xshagan narsalardan foydalaniladi. Birinchi navbatda, ko`krak, bo`yin, oyoqlar, jigar va bel qismlar isitiladi. So`ngra tez yordamga qo`ng`iroq qilinadi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar