O`zbekiston Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi Rossiyada bo`lib turgan fuqarolardan o`z maqomlarini qonuniylashtirishni so`radi. Bu haqda agentlikning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida ma`lum qilindi.
Ma`lum qilinishicha, hozigi kunda Rossiya hududida noqonuniy bo`lib turgan xorijiy davlat fuqarolariga joriy yilning 15 iyuniga qadar o`z maqomlarini qonuniylashtirishga ruxsat berildi. Shunga ko`ra, Rossiya Federasiyasi IIV bilan o`rnatilgan hamkorlik asosida Rossiya hududida huquqiy maqomi qonuniylashtirilishi kerak bo`lgan 300 ming nafardan ortiq O`zbekiston Respublikasi fuqarolarining ro`yxati shakllantirildi.
Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi Rossiya Federasiyasi hududida noqonuniy ravishda bo`lib turgan O`zbekiston Respublikasi fuqarolari 2021 yilning 15 iyuniga qadar yashash joyidagi tegishli Rossiyaning ichki ishlar organlariga murojaat qilish orqali Rossiya Federasiyasi hududida bo`lishlarini qonuniylashtirish huquqidan foydalanishga chaqirgan.
Qayd etilishicha, unda Rossiyaning ichki ishlar organlari tomonidan noqonuniy ravishda bo`lib turgan O`zbekiston fuqarolariga nisbatan mamlakatdan ma`muriy chiqarib yuborish, deportasiya qilish chorlari qo`llanilmaydi hamda ularga yashash joyidagi migrasiya bo`limidan qayta ro`yxatdan o`tish imkoniyati beriladi.






