Buxoro viloyatida o`zida OIV infeksiyasi borligini bila turib bir erkak bilan himoya vositalarisiz jinsiy aloqada bo`lgan ayol aniqlandi. Bu haqda viloyati IIB axborot xizmati xabar berdi.
Ma`lum qilinishicha, viloyatning Jondor tumanida o`tkazilgan tezkor tadbir davomida Vobkent tumanida yashovchi 34 yoshli S.D. ismli ayol 2019 yilning may oyidan beri OIV infeksiyasini yuqtirib olgan shaxs sifatida viloyat OITSga qarshi kurashish markazi tomonidan ro`yxatga olingan. U OIV infeksiyasini boshqa shaxslarga yuqtirish uchun jinoiy javobgarlik mavjudligi to`g`risida bir necha marotaba yozma ravishda ogohlantirilgan. Shunga qaramay, ayol Jondor tumani «Dalmunobod» mahallasidagi xonadonlardan birida fuqaro S.Sh. bilan himoya vositasisiz jinsiy aloqada bo`lgan.
Mazkur holat yuzasidan tuman Ichki ishlar bo`limi huzuridagi tergov guruhi tomonidan S.D. ismli ayolga nisbatan Jinoyat kodeksining 113-moddasi (tanosil yoki OIV kasalligi/OITSni tarqatish) 4-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan. Hozirda ushbu ayolning boshqa shaxslar hayoti va salomatligini xuddi shu kabi xavf ostiga qo`ygan-qo`ymaganini aniqlashga qaratilgan dastlabki tergov hamda tezkor surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.






