Kecha, 12 iyun kuni ertalab soat 6:00 lar chamasida Nukus shahri S.Kamalov ko`chasida joylashgan ikki qavatli «Neo» restorani imoratida gaz va havo aralashmasidan portlash sodir bo`lgan. Bu haqda "Xalq so`zi" xabar berdi.
Voqea joyiga Qoraqalpog`iston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi Nukus FVBdan 2 ta yong`indan qutqarish ekipaji etib kelgan.
— Dastlabki ma`lumotlarga ko`ra, portlash binoning ikkinchi qavatidagi oshxonada sodir bo`lgan, — deydi Qoraqalpog`iston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining OAV va JTBHQ guruhi boshlig`i, katta leytenant Aybek Abdiraxmanov. — Natijada imorat zararlangan. Mazkur voqeadan tan jarohati olganlar va vafot etganlar yo`q. Portlash sodir bo`lganida binoda qorovul bo`lgan, lekin unga jarohat etmagan.
Voqea joyiga zudlik bilan Qoraqalpog`iston Respublikasi FVB, Ichki ishlar bo`limi, Prokuratura va «Tez yordam» xizmati xodimlari etib kelgan. Ayni vaqtda surishtiruv ishlari olib borilib, etkazilgan moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.