Bugun, 14 iyun kuni erta tongda viloyat hokimi tashabbusi bilan Farg`ona xalqaro aeroportida tashkil etilgan Farg`ona (O`zbekiston) - Inchxon(Janubiy Koreya) yuk aviareysida viloyatda etishtirilgan qiymati 246 ming dollarlik 46 tonna gilos mahsulotlari Farg`onadan Janubiy Koreyaga eksportga yuborildi. Bu haqda Farg`ona viloyati hokimligi xabar bermoqda.
Mazkur gilos mahsulotlarining eksportga rasmiylashtirish jarayoni “Qirguli” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti tomonidan soddalashtirilgan tartibda, tezkorlik bilan amalga oshirildi.
Farg`ona xalqaro aeroportida tashkil etilgan mahsulotlarni saqlash uchun mo`ljallangan muzlatgich esa giloslarni sifati buzilmagan holda saqlash va xorijga yuborish imkonini bermoqda.
Ma`lumot tariqasida joriy yilning o`tgan davri mobaynida viloyatda qiymati 25,5 million dollarga teng bo`lgan 10 ming 420 tonna gilos xorijga eksport qilindi.






