Saudiya Arabistoni hukumatining “Haj-2021” mavsumini tashkil etish bo`yicha chiqargan qarori yuzasidan Din ishlari qo`mitasi rasmiy bayonotini e`lon qildi.
Keltirilishicha, O`zbekistonning Jidda shahridagi Bosh konsulxonasi Haj va umra masalalari bo`yicha Attashesi tomonidan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo`yicha qo`mitaga taqdim etilgan rasmiy ma`lumotga ko`ra, joriy yilning 13 iyun kuni Saudiya Arabistoni Podshohligi Sog`liqni saqlash vazirligi, Ichki ishlar vazirligi hamda Haj va umra vazirliklari tomonidan Ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida matbuot anjumani tashkil etilgan.
Unda “Haj-2021” mavsumini tashkil etish masalalari haqida to`liq axborot berilgan. Jumladan, jahonda kuzatilayotgan murakkab epidemiologik vaziyat hamda hojilarning sog`lig`ini himoya qilishni ta`minlash maqsadida “Chet el fuqarolari uchun Haj ziyoratini cheklash, mahalliy aholi va mamlakatda doimiy yashovchi rezidentlar uchun Haj tadbirini o`tkazish to`g`risida” hukumat Qarori qabul qilingani e`lon qilingan.
Shuningdek, rasmiy xatda hojilarning xavfsizligi va salomatligini ta`minlash maqsadida, joriy yilgi haj tadbiri – Saudiya Arabistoni Podshohligi aholisi va ushbu mamlakatda muqim yashab kelayotgan 18 dan 65 yoshgacha bo`lgan, eng asosiysi, “COVID-19”ga qarshi emlangan fuqarolar (rezidentlar) uchun tashkil etilishi ko`rsatib o`tilgan.
O`z navbatida, bu yilgi Haj ibodatini bajaradigan mahalliy ziyoratchilarning cheklangan miqdordagi umumiy soni 60 ming nafar etib belgilangani, xorijiy mamlakatlardan ziyoratchilar qabul qilinmasligi ham qayd etilgan.
Saudiya hukumatining ushbu qarori Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti, Saudiya ulamolari Kengashi, Islom hamkorlik tashkiloti, islom mamlakatlaridagi ko`plab fatvo hay`atlari va boshqa ilmiy markazlar tomonidan ma`qullangan.
Ma`lumot uchun, hozirgi vaqtda Saudiya Arabistoni Podshohligida murakkab epidemiologik vaziyat saqlanib qolmoqda. Har kuni o`rtacha 1 000 dan ortiq virus bilan kasallanish, 15-20 ta o`lim holati kuzatilmoqda.
"Yuqoridagilarga asoslangan holda, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo`yicha qo`mita, O`zbekiston musulmonlari idorasi, “Haj” va “Umra” tadbirlarini tashkil etish va o`tkazish masalalari bo`yicha Jamoatchilik kengashi Saudiya Arabistoni hukumatining hojilar manfaatlari, ularning hayoti va sog`lig`ini himoya qilishni ta`minlash nuqtai-nazaridan qabul qilgan ushbu qarorini qo`llab-quvvatlaydi.
Shuningdek, kezi kelganda, Jamoatchilik kengashi haj safariga borishni rejalashtirgan fuqarolarimizning navbatlari keyingi mavsum uchun saqlanib qolishini eslatib o`tadi", deyiladi rasmiy bayonot yakunida






