Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro va Namangan viloyatlarida test savollari oldindan tarqalib ketgani haqida xabarlar tarqalmoqda. XTV Axborot xizmati mazkur xabarlar yuzsidan munosabat e`lon qildi.
Keltirilishicha, testlar tarqalib ketishini oldini olish uchun barcha ekspertlar DTM binosida ishlagan, XTV testlarni alohida tuzib, taqdim etmagan.
Ma`lum qilinishicha, Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 12 oktyabrdagi “Umumta`lim fanlarini bilish darajasini baholashning milliy test tizimini joriy etish to`g`risida”gi 646-son qarorida bosqichma-bosqich umumta`lim fanlarini bilish darajasini baholashning milliy test tizimini joriy etilishi belgilangan bo`lib, hozirga qadar kimyo, biologiya, matematika hamda ona tili va adabiyot (o`zbek tili va adabiyoti, rus tili va adabiyoti, qoraqalpoq tili va adabiyoti) fanlaridan milliy test tizimi joriy etilgan.
Test tizimi bo`yicha qarorga muvofiq test savollari Xalq ta`limi vazirligi va Ta`lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan tavsiya qilingan mutaxassislar ishtirokida Davlat test markazining binosida tuzilgan va Davlat test markazi tomonidan nazorat materiallarini tuzishga jalb qilingan Xalq ta`limi vazirligi va Ta`lim sifatini nazorat qilish inspeksiyasi ekspertlari bilan to`g`ridan-to`g`ri shartnoma tuzilgan.
Yaratilgan testlarni joylarga etkazib berilishi yoki testni tashkil etilishida Xalq ta`limi vazirligi ishtirok etmagan, deyiladi vazirlik izohida.
Eslatib o`tamiz, kuni kecha DTM Milliy sertifikat imtihonlari savollari sotuvga chiqib ketgani yuzasidan rasmiy munosabat bildirgani edi.






