Sirdaryolik olimpiyachilar viloyat hokimligi tomonidan 100 million so`mdan pul mukofoti bilan taqdirlanishdi.
Gulistonda “Yangi O`zbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida o`tkazilgan “Bag`rikeng O`zbekiston – umumiy uyimiz” millatlararo do`stlik festivali doirasida o`tkazilgan tadbirlarga yuz mingdan ziyod yoshlar qatnashdi.
Festivalda turli sohalarda yuksak natijalarga erishgan va tanlovlarda g`olib bo`lgan yoshlar hamda jamoalarning yutuqlari yigit-qizlarga ibrat qilib ko`rsatilgan holda ular munosib ravishda rag`batlantirildi. Xususan, Tokio-2020 Olimpiada o`yinlari yo`llanmasini qo`lga kiritgan sirdaryolik sportchilarni taqdirlash marosimi minglab yoshlar ishtirokida o`tkazildi.
Sirdaryo viloyati hokimi G`ofurjon Mirzaev tadbirda dunyoning eng nufuzli sport anjumanida qatnashish huquqini qo`lga kiritgan sportchilar Server Ibragimov (o`q otish), Shahboz Xolmirzaev (akademik eshkak eshish) hamda Safina Sa`dullaeva (engil atletika)larni ulkan muvaffaqiyat bilan samimiy tabriklab, ularning har biriga viloyat hokimligi tomonidan 100 million so`mdan pul mukofoti hamda qimmatbaho sovg`alar topshirildi. Shuningdek, hokim taqdirlash marosimida Olimpiada o`yinlarida g`olib va sovrindor bo`lib qaytgan sportchilar xonadon hamda qimmatbaho sovg`alar bilan taqdirlanishi haqida ham e`lon qildi.
Ma`lumot uchun: Tokio-2020 Olimpiadasida Sirdaryo viloyati tarixida birinchi marotaba uch nafar sirdaryolik sportchi qatnashadigan bo`ldi.






